21
Urushni yakunlash uchun nimalar qilish kerak? Trampning boʻlajak maslahatchisi shartlarni aytdi
Ukrainada harbiy harakatlarni toʻxtatish boʻyicha qandaydir kelishuvga erishish uchun front chizigʻidagi vaziyatni barqarorlashtirish talab etiladi. Bu haqda amerikalik kongressmen, Donald Tramp oʻz ma'muriyatida xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchi lavozimiga tayinlashni moʻljallayotgan Mayk Uolts aytib oʻtdi.
ABC News telekompaniyasi jurnalistigaga bergan intervyusida Uolts bunday barqarorlikka erishish shartlaridan biri Ukraina qurolli kuchlariga «yuz minglab yangi askarlar»ni jalb etish uchun Ukrainadagi chaqiruv yosh chegarasini pasaytirish boʻlishi kerakligini aytgan.
«Biz ukrainlardan soʻraydigan narsalardan biri shu… Ularda jonli kuch boʻyicha muammolar bor. Ular 18 yoshlilarni emas, 26 yoshlilarni chaqirishmoqda. Men buni koʻpchilik toʻgʻri tushunadi deb oʻylamayman, — degan Uolts. — Frontdagi qiyinchiliklar va muammolar haqida eshitganimizda, shuni ta'kidlash joizki, agar ukrainlar demokratiyani saqlab qolish uchun dunyodagilardan barcha ishni qilishni soʻrayotgan boʻlishsa, unda ular ham demokratiyani saqlab qolish uchun barcha ishni qilishlari kerak».
«Ular, albatta, mardonavor kurashishdi, albatta, olijanoblik va matonat bilan jang qilishdi, ammo kadrlar bilan bogʻliq bu muammolarni hal qilish kerak», — deya qoʻshimcha qilgan Uolts.
Gʻarb nashrlaridagi koʻplab materiallarda Rossiya qoʻshinlarining frontdagi oxirgi muvaffaqiyatlarining asosiy sabablaridan biri ular jonli kuchda sezilarli ustunlikka egaligi bilan bogʻliqligi koʻrsatilgan.
Jurnalistlarning ma'lumotlariga koʻra, AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden ma'muriyati vakillari allaqachon Ukraina hukumatini chaqiruv yoshini hozirgi 25 yoshdan pasaytirishga chaqirgan.
Ammo Volodimir Zelenskiy bunga javoban bir necha marta asosiy muammo — frontdagi odamlar etishmovchiligi emas, Ukraina qurolli kuchlarida gʻarb qurollari etarli emasligida ekanini aytgan.
«Agar qarshingizdagi odam qurolsiz tursa, uning yoshi 20 yoki 30 da ekanining nima farqi bor? Hech qanday farqi yoʻq», — degandi u dekabr oyi oʻrtalarida harbiy xizmatga chaqiruv yoshini pasaytirish haqidagi savolga javoban.
Zelenskiy Ukraina qurolli kuchlarining xorijda tayyorlanishi lozim boʻlgan 14 brigadasining faqat ikkitasi zarur tayyorgarlikka ega boʻlgani va bu aynan qurollar etishmovchiligi bilan bogʻliqligini ta'kidlagandi.
Urushni yakunlash uchun nima qilish kerak?
ABC News telekanali boshlovchisi Uoltsdan u aynan qachon tinchlik boʻyicha kelishuvga erishilishini kutayotganini soʻragan.
Mayk Uolts Trampning milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi boʻladi — bu AQSh ma'muriyatida tashqi siyosat sohasidagi eng muhim lavozimlardan biri
Tramp avvalroq mojaroning qaynoq fazasi u lavozimga kirishguniga qadar yakunlanishini va'da qilgan, shuningdek, urushni bir kun ichida toʻxtata olishini aytgandi. Keyinroq esa kelishuvga erishish uchun yarim yil muddat ketishi haqida soʻzlar yangradi, bu hafta Trampning Rossiya va Ukraina boʻyicha maxsus vakili Kit Kellog ham bu maqsadga 100 kun ichida erishishni istashini bildirdi.
Uolts jurnalistning sulh muddati haqidagi savoliga javob bermadi, lekin bu «istalgan daqiqada, istalgan kunda» roʻy berishi mumkinligini, chunki oʻt ochishni toʻxtatish va frontni barqarorlashtirish uzoq muddatli tinchlik bitimini tuzish sharti ekanini aytdi.
«Gap faqat qurollar, oʻq-dorilar yoki yangi yordam uchun cheklar yuborishda emas, — degan Uolts. — Gap shundaki, qandaydir kelishuv tuzish uchun front chizigʻini barqarorlashtirish kerak boʻladi».
Ukraina frontini barqarorlashtirish uchun esa aynan chaqiruv yoshini pasaytirish kerak, degan Trampning milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha boʻlajak maslahatchisi.
Soʻnggi oylarda rossiyalik harbiylar Donesk oblastidagi frontning bir necha uchastkalarida faollik bilan hujum qilmoqda. Gʻarb ekspertlari va ukrain harbiylari ruslar katta yoʻqotishlarga uchrayotganini aytayotganiga qaramay, Ukraina qurolli kuchlari front chizigʻini barqarorlashtira olmayapti. Shu bilan birga, hozircha ukrain mudofaasi qulashi belgilari yoʻq va RF armiyasining oldinga siljishi sekin kechmoqda.
Noyabr oyi oxirida harbiy sharhlovchi Ilya Abishev Rossiya qoʻshinining 2024 yil kuzida jadallashganini aytgandi. Ammo, gʻarb nashrlari va Amerikadagi Urushlarni oʻrganish instituti (ISW) ma'lumotiga koʻra, RF armiyasi tezligi hozirgi tempda saqlanib qolsa, Donesk oblastini butunlay egallash boʻyicha Kreml tomonidan qoʻyilgan vazifani bajarishi uchun taxminan bir yil ketadi.
Uolts yana nimalar dedi: Putin bilan muzokaralar va ukrain hududlarini qaytarish
ABC News jurnalistining Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin oʻrtasidagi boʻlajak uchrashuvi vaqti haqidagi savolga javoban Uolts allaqachon bunga tayyorgarlik ketayotganini aytgan.
Zelenskiy AQShdagi prezidentlik saylovlaridan koʻp oʻtmay Parijda Tramp bilan uchrashgandi
Uolts uchrashuv muddati va formati boʻyicha aniqlik kiritmagan, ammo Tramp va Putin oʻrtasidagi telefon muloqoti «yaqin kunlar yoki haftalar ichida» boʻlib oʻtishi mumkinligini aytgan.
«Tayyorgarlik koʻrilmoqda. (...) Prezident Tramp nuqtayi nazaridan qaralsa, boshqa tomon bilan qandaydir aloqa va muloqotni saqlamasdan turib, kelishuvga erishib boʻlmaydi. Va biz buni albatta kelgusi oylarda qilamiz», — dedi Uolts.
Juma kuni Le Temps gazetasi Shveytsariya agar tegishli soʻrov kelib tushsa, Tramp va Putinning ehtimoliy uchrashuviga mezbonlik qilishga tayyorligi haqida xabar bergandi. «Byurgenshtokdagi sammitdan keyin Ukraina, Rossiya va AQSh muntazam ravishda tinchlik oʻrnatish boʻyicha har qanday diplomatik sa'y-harakatlarni qoʻllab-quvvatlashga tayyorligimiz haqida ma'lumot olib turibdi», — degan nashrga mamlakat TIV rasmiy vakili Nikolya Bido.
20 yanvar kuni AQSh prezidenti lavozimiga rasman kirishadigan Donald Tramp esa oldinroq «bu urushga yakun yasash» uchun Putin bilan uchrashishga tayyorligini bildirgandi. Oʻz navbatida, Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov juma kuni jurnalistlar bilan muloqotda prezidentlar uchrashuvi boʻyicha hozircha aniq rejalar yoʻqligi, lekin Moskva Trampning muloqot oʻtkazish istagini mamnuniyat bilan qabul qilishini aytgandi.
Trampdan farqli ravishda, AQShning hozirgi ma'muriyati Rossiya bilan rasmiy muzokaralar oʻtkazishdan bosh tortib keladi va buni bu kabi har qanday aloqalar Ukraina ishtirokida boʻlishi lozimligini ta'kidlaydi. Uolts Trampning Putin bilan uchrashuvi Zelenskiyning roziligi bilan boʻlishiga aniqlik kiritmagan.
Trampning milliy xavfsizlik masalalari boʻyicha maslahatchisi yana bir bor urushni diplomatik yoʻllar bilan toʻxtatishga chaqirib, Kiyevning barcha hududlari ustidan nazoratni tiklash rejalari real emasligini ta'kidladi.
«Barcha buni qandaydir diplomatik yoʻllar bilan hal qilinishi lozimligini biladi. Rossiya harbiylarini Ukraina tuprogʻining har bir qarichidan, hatto Qrimdan ham haydab chiqaramiz, deyish haqiqatga toʻgʻri kelmaydi deb oʻylayman. Prezident Tramp bu reallikni tan oladi va menimcha bu reallikni butun dunyo tan olishi oldinga tashlangan katta qadam boʻladi», — degan Uolts. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Turkiyada «Alisher Navoiy kulliyoti» nomli koʻrgazma ochildi
Sun'iy idrok koʻkrak bezi saratonini an'anaviy skriningdan yaxshiroq aniqladi
Kaliforniyadagi yongʻin qurbonlari soni 24 nafarga etdi (foto)
Slovakiya bosh vaziri Ukraina prezidentini “tilanchi” deb atadi
Tbilisida namoyishchilar sudyalarga tuxum uloqtirishdi (video)
Ukraina asirga olingan shimoliy koreyaliklarni soʻroq qildi (video)
Donald Tramp va Vladimir Putin uchrashuvi Shveytsariyada oʻtishi mumkin
Mel Gibson yonib ketgan uyining suratini koʻrsatdi