10:10 / 15.01.2025
154

Janubiy Koreya prezidenti hibsga olindi

Janubiy Koreya prezidenti hibsga olindi
Foto: Reuters
Janubiy Koreyada tergovchilar ikkinchi urinishda prezident Yun Sok Yolni hibsga oldi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Hokimiyatdan chetlatilgan prezident hibsga olishga birinchi urinish 3 yanvar kuni sodir boʻlgandi. Biroq oʻshanda Yun Sok Yolning qoʻriqchilari politsiyaga hibsga olishga qarshilik qilgan. 15 yanvar kuni esa uzoq davom etgan qarama-qarshilikdan soʻng, tergovchilar prezidentni Korruptsiya boʻyicha tergov byurosiga olib borishga muvaffaq boʻldi.

Yun Sok Yol ushlangunga qadar videomurojaat e'lon qilib, hibsga olishni “noqonuniy” deb bilishi, ammo qon toʻkilishining oldini olish uchun tergovchilar va politsiyaga boʻysunishga qaror qilganini aytgan.

Dekabr oyi boshida Janubiy Koreya prezidenti mamlakatda harbiy holat joriy etishga muvaffaqiyatsiz urinib koʻrdi, shundan soʻng parlament uni isyon koʻtarishga uringanlikda ayblab, davlat rahbariga impichment e'lon qildi.

Yun 14 dekabrdan (parlament uning impichmenti uchun ovoz berganidan) prezidentlik lavozimidan chetlashtirilgan, ammo uni lavozimidan chetlashtirish uchun impichment Konstitutsiyaviy sud tomonidan ma'qullangan boʻlishi kerak. Sud qaror chiqarmaguncha, Yun Sok Yol rasman prezident boʻlib qoladi.

Yunning oʻzi dekabrning birinchi yarmidayoq qoʻzgʻolonga urinish ayblovlarini rad etib, harbiy holat joriy etilishi “siyosiy jihatdan tasdiqlangan qaror” ekanini aytgan. U davlatni falaj qilgan muxolifatdan himoya qilish uchun shunday qaror qabul qilgandi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo