
Bollivudning taniqli aktyori Saif Ali Xon 16 yanvarga oʻtar kechasi oʻz uyida bosqinchi tomonidan pichoqlangandan soʻng, jiddiy operatsiyani boshidan oʻtkazdi. Hozirda aktyor xavfdan xoli. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

Foto: BBC
Aktyorga boʻlgan hujum Hindistonning Mumbay shahrida, Xon oilasi yashaydigan xonadonda sodir boʻlgan. Shahar politsiyasi ma'lum qilishicha, aktyor yarim kechasi uning uyiga kirgan noma'lum shaxs bilan toʻqnashuv natijasida yaralangan. Oʻgʻrilikka kirgan, deb taxmin qilinayotgan bosqinchi aktyorning boʻyin va umurtqa pogʻonasi qismiga 6 marta pichoq sanchigan. Politsiya ushbu hodisani tekshirish uchun maxsus guruhlar tuzdi.
“Saif Ali Xon operatsiyadan muvaffaqiyatli oʻtdi va hozirda uning hayoti xavfdan xoli. U sogʻayish jarayonida, shifokorlar uning ahvolini kuzatib bormoqda”, deyiladi Xon jamoasining bayonotida.
Operatsiyadan soʻng jurnalistlar oldida soʻzga chiqqan Lilavati shifoxonasi shifokori Nitin Dange, aktyor “umurtqa pogʻonasiga sanchilgan pichoq tufayli orqa miyaning koʻkrak qismida jiddiy jarohat olganini” aytdi.
“Pichoqni olib tashlash va orqa miya suyuqligi oqishini toʻxtatish uchun operatsiya oʻtkazildi. Uning chap qoʻlidagi va boʻynidagi yana ikkita chuqur jarohat plastik jarrohlar guruhi tomonidan davolandi”, dedi u.
Hujum haqida toʻliq tafsilotlar hali noma'lum.

Foto: The Independent
Saif Ali Xon Bollivudning yana bir taniqli yulduzi — Karina Kapur bilan turmush qurgan. Ularning ikki nafar farzandi bor. Karina Kapur oʻzining Instagram sahifasidagi storisda “bu hodisa oilamiz uchun juda qiyin kun” boʻlganini aytdi.
Aktrisa barcha OAV va paparassilardan mavzuni yoritishda turli taxminlardan tiyilishni va oilasining shaxsiy chegaralarni hurmat qilishlarini soʻradi.
“Biz haqimizda tashvishlanganingiz va qoʻllab-quvvatlaganingizni qadrlaymiz, ammo doimiy nazorat va e'tibor ostida boʻlish bizning xavfsizligimiz uchun jiddiy xavf tugʻdirishi mumkin”, deya qoʻshimcha qildi u.
Saif Ali Xon haqida

Foto: Times of India
Aktyor 1993 yilda Bollivudda ilk bor hind kinosiga qadam qoʻygan. U faoliyati davomida 60 dan ortiq filmlarda, jumladan, Uilyam Shekspirning “Otello” asariga moslashtirilgan “Omkara” filmi, “Muqaddas oʻyinlar” serialida suratga tushgan. U “Muhabbat kecha va bugun” melodramasi, “Agent Vinod” trilleri va “Goaga borib kelamiz” komediyasiga prodyuserlik qilgan. Raj Kapurning nevarasi Karina Kapur bilan oila qurganiga 10 yildan oshdi. Birinchi turmushidan aktyorning ikki farzandi bor — qizi Sara Ali Xon, u ham aktrisa va oʻgʻli Ibrohim Ali Xon — Bollivudda debyut qilish arafasida. Ikkinchi nikohidan esa ikki oʻgʻli — Taymur va Jeh ismli bolalar voyaga etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar