Foto: mk.ru
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy urush tugaganidan soʻng xavfsizlikni ta'minlash uchun AQShni tinchlikparvar kuchlar yuborishga chaqirdi. U tegishli bayonotni Davosdagi Jahon iqtisodiy sammitida e'lon qildi.
"Urushning tugashi Putin uchun emas, Tramp uchun gʻalaba boʻlishi kerak. Putin unga hech kim emas", dedi Zelenskiy.
Prezident tinchlik kelishuviga Ukrainaning orqasidan erishilmasligi kerakligi, bunday kelishuv amalga oshirilganda esa uning bajarilishini kafolatlash uchun Ukrainaga kuchli harbiy kuch zarur boʻlishini aytdi.
U faqat Evropa ittifoqchilarining qoʻllab-quvvatlashi etarli boʻlmasligini ta'kidladi:
"AQShsiz bunday narsaga erishib boʻlmaydi. Garchi yevropalik doʻstlarimiz bu mumkin deb oʻylasa ham, yoʻq, bu imkonsiz. Hech kim AQShsiz riskka bormaydi", dedi Ukraina prezidenti.
Tramp va uning jamoasi a'zolarining bayonotlariga koʻra, yangi ma'muriyat Ukraina xavfsizligini ta'minlash missiyasini Evropa davlatlariga yuklamoqchi. Tramp Amerika armiyasi tinchlikparvarlik missiyasida ishtirok etmasligini ta'kidlagan.
Reuters agentligi yozishicha, Tramp jamoasining eng yuqori lavozimli a'zolari Ukrainaga jiddiy xavfsizlik kafolatlarini berish tarafdori boʻlib, bular orasida Evropa qoʻshinlari tomonidan nazorat qilinadigan demilitarizatsiya hududini tashkil etish ham bor.
"Evropa davlatlarida Putinga haqiqiy toʻsiq boʻlish uchun askarlar etarli emas va AQShsiz kontingent yaratish NATOda boʻlinish keltirib chiqarishi mumkin", degan edi Zelenskiy.
U forum davomidagi nutqida “kamida 200 000” nafar Evropa askari zarur boʻlishini ta'kidlagan.
♦ Ukrainaning urushni tugatish shartlari
Ukraina qoʻshinlarni 1991 yil chegaralariga olib chiqishni nazarda tutuvchi “tinchlik formulasi”ni amalga oshirishni talab qilmoqda. Gap 2014 va 2022 yillarda Rossiya tomonidan u erda oʻtkazilgan “referendumlar” va Ukrainaning Qrim, Donesk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari noqonuniy anneksiya qilingani haqida ketmoqda. Moskva “tinchlik formulasi” asosida muzokaralar olib borish imkoniyatini istisno qiladi.
♦ Rossiya shartlari
Putin oʻt ochishni toʻxtatish uchun oʻz shartlarini ilgari surdi, jumladan, Ukraina qoʻshinlari oʻzini oʻzi mustaqil deb e'lon qilingan DXR, LXR, Xerson va Zaporoje viloyatlaridan olib chiqilishi, ushbu toʻrtta hudud va Qrim goʻyoki xalqaro miqyosda Rossiyaning bir qismi sifatida tan olinishi, Ukrainaning NATOga a'zolikdan voz kechishi va sanktsiyalarni olib tashlash. Zelenskiy bu taklifni “ishonib boʻlmaydigan” ultimatum deb atadi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar