Foto: AP
Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining 8243-reysdagi samolyoti Suriyadan Rossiyaga olib kelingan “Pantsir-S1” zenit-raketa majmuasidan uchirilgan raketa bilan urib tushirilgan. Bu haqda tekshiruv jarayoni bilan tanish boʻlgan ishonchli Rossiya manbalariga tayanib, Ozarbayjonning AnewZ xalqaro yangiliklar kanali va Euronews xabar berdi.
AnewZ oʻz manbalariga tayanib xabar berishicha, 2024 yilning 25 dekabr kuni Grozniyga qoʻnayotgan Ozarbayjon samolyotiga qarshi radioelektron kurash tizimlari qoʻllanilgan. Bu Qozogʻistonning Oqtov aeroporti hududida qulashidan oldin boshqaruv tizimlarida jiddiy uzilishlarga olib kelgan.
AnewZ ma'lumotlariga koʻra, rossiyalik tergovchilar raketani uchirgan shaxs va buyruq bergan zobitning kimligini aniqlaganlar.
Ozarbayjondagi diplomatik manbalarning ma'lum qilishicha, Boku bu ishning “shunchaki yopiq qolib ketishiga” yoʻl qoʻymoqchi emas va Rossiyadan layner halokatida aybdorlarni javobgarlikka tortishni qat'iy talab qilmoqda.
Agar Moskva 38 yoʻlovchi halok boʻlgan va 29 kishi jarohatlanib omon qolgan fojia uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga olishni rad etsa, bu xalqaro sudlarga murojaat qilishni ham oʻz ichiga oladi.
Qozogʻistondagi aviahalokat
25 dekabr kuni Bokudan Grozniyga uchayotgan Ozarbayjon havo yoʻllari (AZAL)ning Embraer samolyoti Oqtov yaqinida halokatga uchradi. Samolyot bortida 67 kishi, jumladan, besh nafar ekipaj a'zosi boʻlgan. Ulardan 42 nafari Ozarbayjon, 16 nafari Rossiya, 6 nafari Qozogʻiston, 3 nafari Qirgʻiziston fuqarolaridir. Hodisa oqibatida jami 38 kishi halok boʻldi.
29 dekabr kuni barcha 17 xalqaro ekspert, jumladan, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO), Braziliya aviahalokatlarni tekshirish va oldini olish markazi (SENIPA), Davlatlararo aviatsiya qoʻmitasi (IAC) va Embraer ishlab chiqaruvchi kompaniya vakillari AZAL samolyoti halokati sabablarini tekshirish uchun Oqtovga etib keldi.
30 dekabr kuni Qozogʻiston Ozarbayjon samolyotining registratorlarini SENIPA’ga oʻrganish uchun yubordi.
Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev samolyot Grozniy yaqinida tashqi ta'sir oqibatida shikastlangan va boshqaruvni yoʻqotganini ma'lum qilgan.
“Faktlar shundan iboratki, Ozarbayjon fuqarolik samolyoti Rossiya hududida, Grozniy shahri yaqinida tashqi ta'sir oqibatida shikastlangan va deyarli boshqaruvni yoʻqotgan. Shuningdek, bizning samolyotimiz radioelektron kurash vositalari yordamida boshqarib boʻlmaydigan holatga tushirilganini ham bilamiz. Bu samolyotga etkazilgan birinchi zarar hisoblanadi”, dedi u Ozarbayjon televideniyesiga bergan intervyusida. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar