date
views 1 153

Tamil Nadu bosh vaziri Hind vodiysi yozuvini oʻqiganga 1 mln dollar va'da qildi

Tamil Nadu bosh vaziri Hind vodiysi yozuvini oʻqiganga 1 mln dollar va'da qildi
Foto: pinterest.com
Hindistonning Tamil Nadu shtati bosh vaziri Mudhuvel Karunanidhi Stalin Hind vodiysi yozuvini oʻqiy olgan kishiga 1 million dollar miqdorida mukofot e'lon qildi. Yozuv 100 yil oldin topilgan boʻlsa-da, uning mazmuni hanuzgacha sir boʻlib kelmoqda, deb xabar berdi BBC.

Yozuvni oʻqishga muvaffaq boʻlganini da'vo qiluvchi odamlar muntazam ravishda olim Rajesh Raoga xat joʻnatadi. Biroq bu xatlarning aksariyati yozuv sehr va dinga oid ma'no berishi haqidagi nazariyalarga asoslangan. Xatlarning hech birida hind yozuvidagi shriftlar savdo-sotiq uchun foydalanilgan tosh taxtachalarda ham uchrashi e'tiborga olinmagan.

Bir asrdan ortiq vaqt davomida arxeologlar, tilshunoslar va olimlar jumboqni echishga urinib keldi. Ularning ba'zilari hatto yozuvni siyosiy yoki diniy ramzlardan iborat, deb ta'kidlagan. Jumboqni echish bilan bogʻliq muammo shundaki, shriftlar nisbatan kam — taxminan 4 mingta, shuningdek, ularning deyarli barchasi kichkina buyumlarga bitilgan. Har bir yozuvning oʻrtacha uzunligi taxminan beshta belgi yoki ramzdan iborat boʻlib, bu ham vazifani yanada murakkablashtiradi.

Hind tsivilizatsiyasi bugungi Hindiston va Pokiston hududlarida 5300 yil avval vujudga kelgan. Uning toʻsatdan inqirozga yuz tutishi sabablari hanuzgacha noma'lum. Biroq ushbu tsivilizatsiyaning eng katta siri — yozuvi hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tamil Nadu bosh vaziri Hind vodiysi yozuvini oʻqiganga 1 mln dollar va'da qildi