Isroil qamoqxonalari boshqarmasi Gʻazo sektoridagi oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuv doirasida ozod qilinayotgan falastinlik mahkumlarga maxsus bilaguzuklar berishni boshladi. Bu haqda Isroil telekanali xabar bermoqda.
Ularda identifikatsiya raqami, shuningdek, ibroniy va arab tillarida “Xalq umrbod unutmaydi” va “Men dushmanlarimni ta'qib qilaman va ularni quvib etaman” iboralari qayd etilgan.
Ozodlikka chiqarilgan falastinliklarga bu bilaguzuklar qachon berila boshlanganiga aniqlik kiritilmagan.
Foto: Channel 12
Joriy yilning 19 yanvar kuni Ynet portali HAMAS tomonidan ozod qilingan isroillik garovga olingan Emili Damari va Romi Gonenlarga “esdalik sovgʻalari” berayotgani aks etgan videoni e'lon qilgandi. Sovgʻa Gʻazo sektorining xaritasi, “ozodlik sertifikatlari” va ayollarning asirlikda boʻlgan vaqtdagi fotosuratlarini oʻz ichiga oladi.
HAMAS 30 yanvar kuni garovga olgan sakkiz kishini — uch nafar isroillik va besh nafar Tailand fuqarosini Qizil Xochga topshirdi. Isroil buning evaziga 110 nafar falastinlik mahbusni ozod qildi.
Foto: Reuters
Ozod qilinganlar orasida Isroil armiyasining 20 yoshli harbiy xizmatchisi Agam Berger ham bor. U 482 kun asirlikda boʻlgan. Shuningdek, 29 yoshli Arbel Yahud va 80 yoshli Gadi Mozes ham ozod qilingan. Yahudning turmush oʻrtogʻi va akasi hali ham asirlikda qolmoqda.
Falastinlik 110 nafar mahbusdan 32 nafari umrbodga qamalgan, 48 nafari esa uzoq muddatli qamoq jazosini oʻtayotgandi. Shuningdek, ikki nafari 15 yoshli oʻsmir, 30 nafari 18 yoshgacha boʻlganlardir. Ozod qilingan mahbuslarning 21 nafari chet elga deportatsiya qilinishi kerak.
Isroil va HAMAS 19 yanvardan Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatishga kelishib oldi. Oʻshandan beri tomonlar har hafta garovga olinganlar va mahbuslarni almashmoqda. Bitim shartlariga koʻra, HAMAS uch nafardan, sulhning 42-kunida esa 14 nafar asirni ozod qilishlari shart. Bunga javoban Isroil 1850 dan ortiq falastinlik mahbusni ozod qilishga va'da bergan.
Tomonlar sulhning keyingi bosqichlari parametrlarini ham muhokama qilmoqda. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar