22:35 / 02.02.2025
127

Frontdagi vaziyat: Rossiya armiyasi bir hafta ichida Ukrainaning ikki qal'asini egalladi...

Frontdagi vaziyat: Rossiya armiyasi bir hafta ichida Ukrainaning ikki qal'asini egalladi...
National Guard of Ukraine / AFP / Scanpix / LETA
Rossiya qoʻshini bir hafta ichida Ukraina qurolli kuchlarining Donesk oblastidagi ikki muhim istehkomi vazifasini bajargan Velika Novosilka va Toreskni (ikkinchi shaharning sharqiy va gʻarbiy chekkalarida janglar davom etmoqda) egalladi. Uchinchi qal'a ham qulash arafasida. RF qurolli kuchlari Chasiv Yarning shimoliy va janubiy qismlarini egallab olgan, bu esa Ukraina qurolli kuchlarining shahar markazidagi koʻp qavatli binolar vayronalarida joylashgan pozitsiyalari qulashiga olib kelishi mumkin. Xarkiv oblastidagi frontning Kupyansk uchastkasida rossiyalik harbiylar Oskol daryosi gʻarbiy sohilidagi plasdarmini kengaytirdi va endi uni ta'minotni yoʻlga qoʻyish va Kupyanskning oʻziga yurish boshlash uchun RF hududi bilan bogʻlashga harakat qilmoqda.

Velika Novosilka va Kuraxovo

Rossiya qoʻshini Velika Novosilkani egalladi — bu Donbass janubidagi rayon markazidir. Posyolkadagi ukrain garnizonining asosiy qismi qariyb qurshov holatida qolganiga qaramay Mokriye Yali daryosi shimoliga chekinishga muvaffaq boʻlgan. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari 110-mexanizatsiyalashgan brigadasining bir necha yuz jangchilari oxirigacha Velika Novosilkada qolishgan. 2024 yil boshida ushbu brigada boʻlinmalari Avdiyivkada qurshovga tushib qolib, ogʻir yoʻqotishlarga uchragandi.

Endi Rossiyaning mazkur hududdagi qoʻshini, soʻnggi hujumlariga qaraganda, bor e'tiborini Ukraina qurolli kuchlarining Kuraxovodan gʻarbdagi pozitsiyalarini bartaraf etishga qaratadi. Bu erda RF qurolli kuchlarining shimoldan kelgan boʻlinmalari ukrain qismlari chekinishi uchun qolgan yagona yoʻl boʻlmish Donesk — Zaporijjya trassasi yaqinidagi Andreyevka qishlogʻiga kirishgan. Boshqa guruh esa ushbu yoʻlga janubdan yaqinlashib kelmoqda. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari Kuraxovo atrofini tark etib, gʻarbga ketishga majbur boʻladi.

Shunda ham Ukrainaning Kuraxovo guruhi qamal xavfidan forigʻ boʻla olmaydi: tez orada yanada gʻarbroqda (Bogatir qishlogʻi hududida) Velika Novosilkadan chiqqan rus qoʻshini ham Donesk — Zaporijjya trassasiga etib keladi.

Pokrovsk

RF qurolli kuchlari Pokrovskdan gʻarbdagi yurishini davom ettirmoqda — bu Donbass markazidagi yirik shahar (urushga qadar atrofdagi hududlar bilan birga 150 mingga yaqin kishi yashagan).

Rossiya qoʻshini Pokrovsk gʻarbidagi sanoat zonasining katta qismini nazorat ostiga olgan. Kotlino va qoʻshni shaxtalar, shuningdek Udachnoye posyolkasining bir qismi egallagan. Udachnoyedan shimolroqda Ukrainadagi eng yirik kokskoʻmir koni joylashgan, bu erda mamlakat metallurgiya sanoati ehtiyoji uchun zarur boʻlgan koʻmirning uchdan ikki qismi qazib olinadi.

Rossiya qoʻshinining keyingi nishoni — shaharni mamlakatning markaziy qismi bilan bogʻlovchi Pokrovsk — Dnipro yoʻlidir. RF qurolli kuchlarining ilgʻor boʻlinmalari trassadan besh kilometr masofada turibdi.

Toresk va Chasiv Yar

Toresk shahri (ma'muriy chegaralari boʻyicha) deyarli toʻligʻicha rus qoʻshini tomonidan ishgʻol etilgan. RF qurolli kuchlari shahar shimolidagi «Dzerjinskugol» koʻmir kompaniyasi konlaridan birining binolarini egallab olgan. Bu erdan Konstantinovka tomon yoʻl ochiladi. Bu yoʻlda faqat yana bir kon qolgan.

RF qurolli kuchlari Toreskning gʻarbiy chekkasi hisoblangan Krimskiyning bir qismini egallab olgan. Bu erda «Toreskaya» koni hududida janglar davom etmoqda.

Shahardan sharqda Rossiya qoʻshini Toreskning boshqa bir yoʻldoshi — Shcherbinovka posyolkasidagi nazorat hududini sezilarli darajada kengaytirgan.

Shu tariqa, Toresk uchun koʻp oylar davom etgan janglar ukrainlarning qattiq qarshilik koʻrsatishiga qaramay RF qurolli kuchlari gʻalabasi bilan yakunlanmoqda. Buyogʻiga Rossiya qoʻshini Kleban-Bik suv ombori va Konstantinovka yoʻnalishida yurish qilishga harakat qilib koʻradi. Bu hududga tez orada Chasiv Yar uchun janglardan boʻshaydigan kuchlar ham kelishi mumkin.

Chasiv Yar shimolini egallagan RF qurolli kuchlari uning janubiy qismida — Shevchenko mikrorayonida hamda Stupochki qishlogʻida ham yurish boshladi. Koʻp oʻtmay shahar markazi (aniqrogʻi, uning koʻp qavatli binolari xarobalari) uch tomondan oʻrab olishi mumkin, bu esa shaharda qolgan ukrain kuchlari mudofaasini maksimal darajada ogʻirlashtiradi.

Kupyansk

Rossiya qoʻshini Oskol daryosi gʻarbida, Kupyansk shimolidagi plasdarmni kengaytirdi. Ukraina qurolli kuchlari mudofaasi kuchsizlashgani bunga imkon bergan: bu uchastkada RF qurolli kuchlariga Ukraina qurolli kuchlari hududiy mudofaa kuchlarining birgina brigadasi qarshilik koʻrsatmoqda.

RF qurolli kuchlari gʻarbiy sohildagi Dvurechnaya posyolkasining katta qismini, shuningdek, Novomlinsk qishlogʻining bir qismini va uning atrofidagi tepaliklarni egallagan.

Kupyanskka yaqinroq joylashgan Zapadnoye qishlogʻidagi kichikroq plasdarm ham kengaytirilgan.

Katta ehtimol bilan, Rossiya qoʻmondonligi plasdarmlarni RF hududi bilan birlashtirishga harakat qiladi: Novomlinskdan chegaragacha masofa 12 kilometrni tashkil etadi. Bu plasdarmga «quruqlik orqali» ogʻir texnika va artilleriyani olib oʻtish uchun ham kerak. Plasdarmdagi yirik boʻlinmalarga suvga toʻlib oquvchi daryo orqali ponton kechuv vositalari orqali texnikalar etkazib berish deyarli imkonsiz: Ukraina qurolli kuchlari ponton kechuvlar boʻylab muntazam ravishda zarbalar yoʻllaydi — jumladan, HIMARS raket baravar oʻt ochish reaktiv tizimi raketalari bilan ham.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo