01:29 / 06.02.2025
92

Moskvada Armen Sarkisyan oʻldirildi. Ushbu tadbirkor haqida yana nimalar ma'lum?

Moskvada Armen Sarkisyan oʻldirildi. Ushbu tadbirkor haqida yana nimalar ma'lum?
3 fevral tongida Moskvadagi «Aliye parusa» turar joy kompleksida portlash roʻy berib, buning oqibatida Donesk oblastining ishgʻol etilgan Horlivka shahridan boʻlgan tadbirkor hamda jinoiy avtoritet Armen Sarkisyan halok boʻldi.

Tergov versiyasiga koʻra, qotillikka Sarkisyanning biznesi bilan bogʻliq ta'sir doiralari qayta taqsimlanishi sabab boʻlgan, ammo «ukrain izi» ham istisno etilmaydi: Evromaydan voqealari vaqtida u muxolifat tarafdorlarini tarqatish uchun yollanma kuchlar yollagan, 2014 yil voqealaridan keyin esa hayotini oʻzini oʻzi e'lon qilgan «DXR» va Rossiya oʻrtasida oʻtkazgan, 2022 yilda keng koʻlamli urushni qoʻllab-quvvatlab, koʻp oʻtmay RF armiyasi tarkibiga kirgan «Arbat» nomli koʻngillilar batalyoniga asos solgan, Ukraina razvedkasi ma'lumotlariga koʻra, bu tuzilma Sarkisyanning sadoqati tufayli Rossiya hukumati tomonidan Evgeniy Prigojinning «Vagner» xususiy harbiy kompaniyasiga muqobil sifatida koʻrilgan.

«Meduza» Armen Sarkisyanning chekka hududdagi uyushgan jinoiy guruh a'zoligidan Rossiya-Ukraina urushidagi katta ta'sir doirasiga ega dala qoʻmondoni darajasigacha boʻlgan yoʻlini hikoya qildi.

Donbassda Sarkisyan yirik uyushgan jinoiy toʻda a'zosi boʻlgan — bu unga prezident Yanukovich davrasiga qoʻshilishiga yordam bergan

Armen Sarkisyan 1978 yilda Armanistonda tugʻilgan, ammo goʻdak chogʻligidayoq oila Horlivka shahriga koʻchib borgan —Donesk oblastidagi ushbu sanoat shahri SSSR davrida «Stirol» kimyoviy kombinati hamda konlar uchun burgʻilash uskunalari ishlab chiqariladigan korxonalari bilan mashhur edi. «Donbassni men ikkinchi vatanim deb hisoblayman», — degandi Sarkisyan.

Sarkisyan 1990-yillardayoq Horlivkadagi jinoiy guruhlarga qoʻshilgandi, oʻshanda u yashirin biznes bilan shugʻullanishni boshlagan. 2000-yillarga kelib esa jinoiy doiralarda aloqalarga ega boʻlgan avtoritet darajasiga koʻtariladi. Ukraina nashrlari ma'lumotiga koʻra, Sarkisyan «enakiyevchilar»dan boʻlgan Aleksandr Baturin (Batur)ga ishlagan jinoiy toʻdani boshqargan, keyinroq esa «enakiyevchilar» etakchisi Yuriy Ivanyushchenko (Yura Enakiyev)ning ishonchli vakiliga aylangan. Enakiyev uni «nazoratchi» sifatida tayinlagan — va Sarkisyan Armen Gorlovskiy sifatida tanilgan.

«Enakiyevchilar» Horlivkadagi eng jiddiy guruhlardan sanalgan. Ular spirtli ichimliklar va taksi biznesini boshqargan, shahardagi koʻmir va metarllurgiya sanoatiga ta'sir oʻtkazgan, shuningdek, mish-mishlarga koʻra, rossiyalik jinoiy guruhlar bilan hamkorlikda Rossiya-Ukraina chegarasi orqali giyohvand moddalar oʻtkazishni yoʻlga qoʻygan. Doneskdagi «Vchasno» nashriga koʻra, Sarkisyanning ishi asosan «jinoiy faoliyat, odamlarni, biznesmenlarni qoʻrqitish va shu kabilardan iborat boʻlgan».

2010 yilda hokimiyatga Viktor Yanukovich kelganidan soʻng Sarkisyan yangi prezidentning doʻsti boʻlgan Yuriy Ivanyushchenko orqali Ukraina IIV rahbariyati bilan aloqa oʻrnatgan. Bundan tashqari, Ivanyushchenko Sarkisyanga Donesk va Luhansk oblastlaridagi koʻmir biznesini nazorat qilishni ishonib toshpirgan.

Xususan, Doneskdagi «Artemugol» korxonasi rasman davlatniki hisoblansa-da, amalda Ivanyushchenko va Sarkisyan tomonidan boshqarilardi. 2013 yilda «Gorlovka.ua» nashri Sarkisyanni shaharda hashamatli hayot tarziga ega boʻlgan va metsenatlik bilan shugʻullanuvchi (jurnalistlar ular aynan qaysi sohalarga homiylik qilganiga aniqlik kiritmagan) elitada koʻplab aloqalarga ega mahalliy «kulrang kardinal» deb atagandi.

«Gorlovki.ua» bosh muharriri Oleksandr Bilinskiy oʻsha davrni Donbassdagi «nazoratchilar»ning nazoratsiz hukmronlik yillari deb ta'riflaydi. «Ivanyushchenkoning odamlari shaharni nazorat qilardi va merning, prokurorning yoki militsiya boshligʻining familiyasi qandayligi muhim emasdi. U [Sarkisyan] militsiya boshligʻi oldiga borib, koʻrsatma berardi», — deya xotirlaydi jurnalist.

Shu bilan birga, Sarkisyan rasman mahalliy Boks federatsiyasi rahbari hamda xalq deputati — 2012 yilda Regionlar partiyasi roʻyxati boʻyicha Oliy radaga oʻtgan, bir yil oldin «Korrespondent» nashri versiyasi boʻyicha eng nufuzli ukrainlar yuzligida ikkinchi oʻrinni egallagan oʻsha Yuriy Ivanyushchenkoning yordamchisi sifatida koʻrsatilgandi.

Evromaydan Sarkisyanga Donbass ayirmachilari orasidagi mavqeyini yanada mustahkamlash imkonini beradi

Evromaydan vaqtida hukumat Sarkisyanga «titushkilar» — Kiyevdagi namoyishlarni kuch bilan bostirish uchun yollanma kuchlarni yollashni ishonib topshiradi. Tergov versiyasiga koʻra, aynan Sarkisyan yollagan odamlar poytaxtda «Vesti» gazetasi jurnalisti Vyacheslav Veremiyni oʻldirishgan. 2014 yil bahorida ukrain muxolifati gʻalaba qozongach, Sarkisyanning jangarilari Donbassda Evromaydan tarafdorlariga qarshi aktsiyalarda ishtirok etadi. Oʻsha yil mayida Ukrainaning yangi hukumati Sarkisyanga qidiruv e'lon qiladi — shu vaqtdan boshlab u Donbassning Kiyev nazoratida boʻlmagan hududlarida hamda Rossiyada yashay boshlaydi.

Oʻzini oʻzi e'lon qilgan DXRda Sarkisyan Horlivkaning Rossiya ta'siridagi ma'muriyati rahbari Ivan Prixodko bilan tez til topishib ketadi hamda shaharning soyadagi iqtisodiyoti ustidan ta'sirini saqlab qoladi. Bundan tashqari, u qidiruvga berilgan hamda Ukrainadan tashqariga chiqib ketgan («Ukrainskaya pravda»ga koʻra — Monakoda) Ivanyushchenko bilan ham aloqalarini davom ettiradi,
xususan, unga Odessadagi mulkini qayta taqsimlashda ishtirok etishga yordam beradi va uning DXRdagi mulklariga qarab turadi (Ivanyushchenkoning oʻzi «respublika»ning yangi rahbariyati bilan til topisha olmagan, buning uchun ularning «sanktsiyasi»ga uchragandi).

Sarkisyan DXR bok federatsiyasi rahbari sifatidagi lavozimida ham qoladi, 2020 yilda esa uni Horlivkaning faxriy fuqarosi deb e'lon qilishadi. Bu vaqtda Armen Gorlovskiy Rossiyadagi bizneslarga ham faollik bilan kirib keladi: RBK ma'lumotiga koʻra, u Moskvadagi «Riteyl Grupp» (xususiy yoki ijaradagi koʻchmas mulk ijarasi va boshqaruvi) va «Tklab» (tamaki mahsulotlarining ulgurji savdosi) firmalari hammuassisi boʻlgan, shuningdek, «AB Grupp» investitsiya kompaniyasida 99,64 foizlik ulushga ega edi.

2022 yilda Sarkisyan Rossiya-Ukraina urushida nufuzli dala qoʻmondoniga aylanadi — va Evgeniy Prigojinga raqobat qilishi mumkin edi

Rossiyaning Ukrainaga keng koʻlamli bosqini boshlanganidan keyin Sarkisyan Rossiya agressiyasini ochiqchasiga qoʻllab-quvvatlaydi. 2022 yil sentyabrida u koʻngillilardan «Arbat» batalyoni («Arman batalyoni») tuzadi, bu tuzilma RF armiyasi saflarida Donesk oblasti hududida harakatlana boshlaydi.

Ukrain razvedkasiga koʻra, oʻsha yil noyabrida Rossiya hukumati Sarkisyanga Rossiya va Ukrainaning ishgʻol etilgan hududlaridagi qamoqxonalardan mahbuslarni urushga yollash boʻyicha topshiriq bergan — Ukraina razvedka boshqarmasi taxminiga koʻra, bundan maqsad, oʻz ta'sirini kengaytirib borayotgan «Vagner» XHK asoschisi Evgeniy Prigojinga raqobat qiluvchi, shu bilan birga, Kremlga sadoqatli kuchga ega boʻlish edi. Ukraina razvedkasi Sarkisyan faoliyatiga oid hech qanday tafsilotlar keltirmagan.

Sarkisyanning faoliyati Moskvada yuqori baholanadi: 2023 yil iyul oyida «Arbat» batalyoni rasman Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi tuzilmalariga kiritildi va uning jangchilarini Moskva arman cherkovi episkopi duo qiladi. Oʻshanda sobiq jinoyatchi Ayk Gasparyan «Arbat»ning yangi qoʻmondoni boʻladi — u qurolli talonchilik uchun sakkiz yilga qamalgan, ammo qamoqxonadan «Vagner» XHK safiga yollanib, muddatidan oldin ozodlikka chiqqan, 2022 yil dekabrida Vladimir Putin uni «Jasorat uchun» medali bilan taqdirlagandi.

2024 yil kuzida batalyon Ukraina qurolli kuchlari tomonidan qisman ishgʻol etilgan Kursk oblastiga koʻchiriladi. Shu bilan birga, Armaniston Tergov qoʻmitasi Rostov-Dondagi «Arbat» harbiy bazasida Moskvadan uzoqlasha boshlagan Armaniston rahbari Nikol Pashinyanni agʻdarish uchun jangarilar tayyorlanayotganini ma'lum qildi.

«Arbat» batalyoni jangchilari Kursk oblastidagi oʻrmonda gaubitsani panalamoqda. 2024 yil 5 noyabr
Sergey Bobilev / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Sarkisyanning oʻzi harbiy harakatlar zonasida amalda koʻrinish bermagan — u vaqtining koʻp qismini Moskvada oʻtkazgan va u erda biznes bilan shugʻullangan. 2024 yil fevral oyida Sarkisyan familiyasi kriminal xronikada paydo boʻldi: uning qoʻriqchilari chechenistonlik MMA jangchisi Rasul Ochayev bilan otishma keltirib chiqaradi — sportchining mashinasi Sarkisyanning qizi Emiliyaning mashinasi bilan toʻqnashib ketgandi.

Oʻshanda Sarkisyan chechen elitalari bilan ziddiyatga borgani haqida mish-mishlar tarqaldi — holbuki u 2022 yil may oyida Adam Delimxanov bilan suratga tushgan va 2024 yil oktyabr oyida Ramzan Qodirovning ukasi Visitani tugʻilgan kuni bilan tabriklagandi. Biroq, Sarkisyan va chechenlar oʻrtasida tushunmovchilik yuzaga kelgan taqdirda ham, mojaro donbasslik biznesmen foydasiga hal boʻladi: Rasul Ochayev sogʻlikka qasddan ogʻir shikast etkazishda ayblanib, uchun uch yarim yilga qamaladi.

Oʻsha otishmadan bir yil oʻtib, 3 fevral kuni ertalab Armen Sarkisyan yashovchi «Aliye parusa» turar joy majmuasida portlash sodir boʻldi. Bu vaqtda u oʻtmishda Ukraina bilan ham aloqador boʻlgan ikki hamrohi — Yanukovichning sobiq qoʻriqchisi Sergey Shkryabatovskiy va Qrim maxsus topshiriqli kuchlarining sobiq ofitseri, 2014 yilda Rossiya tomoniga oʻtgan va Sarkisyanning qoʻriqchisi boʻlib ishlagan Oleg Kasperovich bilan birga liftdan chiqqandi. Shkryabatovskiy, Kasperovich, shuningdek, shu uyda yashovchilardan biri, portlash vaqtida pod'ezdda boʻlgan Darya Karseladze ogʻir yarador boʻlgan. Sarkisyan jonlantirish boʻlimida vafot etgan.

Tergov qoʻmitasi qotillik va ikki yoki undan ortiq shaxsni oʻldirishga suiqasd qilish (RF JK 105-moddasi) moddasi boʻyicha ish qoʻzgʻatdi. Tergov ma'lumotlariga koʻra, portlashni Armanistonda tugʻilgan xudkush terrorchi amalga oshirgan boʻlishi mumkin. Tergov qoʻmitasi ilgari surgan asosiy versiyaga koʻra, qotillik sababi Sarkisyanning biznesi bilan bogʻliq hududiy ta'sir doiralari uchun kurash boʻlishi mumkin.

Ammo tergovchilar «Ukraina izi»ni ham istisno qilmayapti. Oʻtgan yil dekabr oyida Ukraina xavfsizlik xizmati Sarkisyanga ikkita jinoiy modda — «noqonuniy qurolli tuzilmalarda ixtiyoriy ishtirok etish» va «tajovuzkor davlatga yordam berish» boʻyicha ayblovlar qoʻygan edi. Agar bu versiya tasdiqlansa, ish boshqa moddaga qayta malakalanadi, deyiladi TQ xabarida.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo