
Foto: haqqin.az
2025 yil boshidan buyon frontdagi harbiy toʻqnashuvlar miqdori barqaror ravishda kamaymoqda, masalan, fevralning dastlabki haftasi davomida ancha vaqtdan buyon rossiyaliklarning kunlik hujumlari soni 100 martadan kam boʻlgan. Rossiya armiyasi tomonidan bu darajada past faollik oxirgi bor yarim yil oldin, avgust oyida kuzatilgandi.
Ammo Pokrovsk atrofidagi vaziyat eng tahdidlisi boʻlib qolmoqda. Rossiyaning 1000 kilometrga choʻzilgan butun front boʻylab har kungi hujumlarining uchdan bir qismi, ba'zida esa teng yarmi aynan shu yoʻnalishda qayd etilmoqda.
Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabiga koʻra, bu erda rossiyaliklar ham katta yoʻqotishlarga uchramoqda. Ukraina qurolli kuchlari bosh qoʻmondoni Oleksandr Sirskiy keltirgan statistikaga koʻra, yanvar oyining oʻzida Moskva Pokrovsk atrofida 15 ming harbiy yoʻqotgan, shundan 7 ming nafari — tiklanmas yoʻqotishlardir.

Foto: Reuters
Biroq, Rossiya armiyasining bu erdagi soʻnggi nisbatan muvaffaqiyatli harakatlari 2024 yil noyabr oyi oxiri — dekabr oyi boshida qayd etilgan, oʻshanda rus harbiylari Pokrovskning janubi-gʻarbiy chekkalariga yorib oʻtishga muvaffaq boʻlgan edi. Oʻtgan ikki oy ichida UQK dushmanning hujumini sezilarli darajada toʻxtatishga muvaffaq boʻldi. Bundan tashqari, ukrainaliklar muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtira oldi.
Bu yanvar oyi oxirida «Hortitsa» qoʻshinlari operativ-strategik guruhi qoʻmondoni oʻzgarganidan keyin sodir boʻldi. Frontning bu uchastkasiga bir vaqtning oʻzida Quruqlikdagi qoʻshinlar qoʻmondoni boʻlgan general Mixaylo Drapatiy mas'ul etib tayinlandi.
Qanotlardagi kurash

Oʻtgan yilning kuz fasli oʻrtalaridan RF armiyasi Pokrovskdagi ukrain garnizoniga ta'minot yoʻllarini kesib qoʻyish maqsadida shaharni sharq, janub va gʻarbdan oʻrab olish rejasini amalga oshirishga kirishdi.
Rossiya armiyasi shaharning sharqiy chekkasiga 2024 yil sentyabr oyi oxirida yaqinlashishga muvaffaq boʻldi. Kuz oxiriga kelib, rossiyalik harbiylar Pokrovskka olib boradigan janubiy yoʻllarni kesib qoʻydi va dekabr oyida Kotlino qishlogʻi yaqinida Mejevaya shahriga (Dnepropetrovsk oblasti) olib boruvchi avtomobil yoʻliga chiqdi.
Rossiyalik harbiylarning keyingi maqsadi — shimolroqda Pavlogradga olib boruvchi trassani kesib qoʻyish, shuningdek Dnipropetrovsk oblastining ma'muriy chegaralariga etish hisoblanadi. Ikki vazifa ham uddalab boʻlmas vazifa emas — ikki holatda ham rossiyaliklar taxminan 4-5 kilometr masofa bosib oʻtishi qolgan. Ammo Kremlni bu maqsaddan Ukraina qurolli kuchlarining frontning mazkur uchastkasida kuchayib borayotgan qarshiligi toʻsib turibdi.
Ukrainlarning DeepState tahliliy portali 10 fevral kuni bergan xabarga koʻra, qarshi hujumlar evaziga Pokrovsk uchastkasidagi ikki joyda oldingi pozitsiyalar qaytarib olingan.

Rossiyalik harbiylar har kuni Pokrovskni oʻqqa tutmoqda. Ammo shaharda tinch aholi vakillaridan 7 mingga yaqin kishi bor
Xususan, ukrain harbiylari rossiyaliklarni Pokrovsk janubidagi Dachenskoye qishlogʻidagi pozitsiyalardan, shuningdek shahardan sharqdagi Vodyanoye Vtoroye qishlogʻidan surib tashlagan.
Birinchi holatda mudofaa kuchlarining qarshi hujumi Chunishen temiryoʻl stantsiyasi yaqinidagi muhim mudofaa tugunini qoʻlga kiritish xavfini bartaraf etishga imkon berdi. Ikkinchi holatda — rossiyaliklarning Pokrovsk-Konstantinovka trassasini kesib qoʻyishga urinishlari toʻxtatilgan.
Keyingi kuni DeepState Ukraina qurolli kuchlari rossiyaliklarni Pokrovskdan janubi-gʻarbda joylashgan Peschanoye qishlogʻidan ham chekintirgani haqida xabar berdi.
Muvaffaqiyatli qarshi hujumlar toʻgʻrisidagi ma'lumot «Hortitsa» qoʻshinlari operativ-strategik guruhi qoʻmondonligi tomonidan ham tasdiqlangan.
«Ha, Pokrovskdan janubi-gʻarbda janglar ketmoqda, bu shunchaki koʻp sonli qishloqlar va posyolkalar. Ha, u erda muvaffaqiyatli qarshi hujumlarga misollar bor. Ha, u erda u yoki bu aholi punktlarida oʻrnashib olishga boʻlgan ayrim urinishlarga misollar bor. Va ha: u erda muntazam ravishda jang ketmoqda», —degan guruh vakili Viktor Tregubov.
Rossiyadagi harbiy mavzuga ixtisoslashgan telegram-kanallar ham Ukraina armiyasining Pokrovsk janubi va gʻarbidagi «lokal qarshi hujumlari» haqida yozmoqda, ammo ularning aksariyati muvaffaqiyatsizlikka uchraganiga ishontirmoqda.
Bu nima uchun muhim?
Ukraina qoʻmondonligining bu harakatlaridan koʻzlangan aniq maqsad Pokrovsk yaqinidagi dushman hujumini shunchaki toʻxtatish emas, balki idealda Rossiya armiyasi janubi-gʻarbiy yoʻnalishda shakllantirgan «uzun xanjar»ni butunlay kesib tashlashdir.
Uzunligi taxminan 7 km va kengligi 10 km boʻlgan bu «xanjar» Peschanoye — Uspenovka oraligʻidan shakllangan va Udachnoye — Kotlino oraligʻigacha choʻzilgan.
Ukrainadagi «Axboriy qarshilik» tahlilchisi Konstantin Mashoves frontning mazkur kichik uchastkasiga Rossiya birdaniga ikkita umumqoʻshin armiyasining (41 va 2-armiyalar) asosiy kuchlarini — 90-tank diviziyasi kuchlari hamda kamida beshta motooʻqchilar brigadasini jamlaganini qayd etgan.
Ammo shunday katta kuchlar ham asosiy vazifani — Pokrovskning shimoli va gʻarbidan yorib oʻtib, Udachnoye, Uspenovka, Zverevo va boshqa qishloqlarni egallash vazifasini bajara olmadi.
Mashovesning fikricha, buning sababi shundaki, Rossiya qoʻmondonligi nafaqat gʻarbga, balki janubga ham kirib borishni kengaytirish zarurligini etarlicha baholamagan.
«Ya'ni, Pokrovskni qurshab olish va aylanib oʻtishning oʻzi asosiy kuchlari bilan janubga, Novopavlovsk yoʻnalishida harakat qilayotgan 90-tank diviziyasini oʻz zarbdor guruhining chap qanotini himoya qilish uchun doimiy ravishda oldinga „surish“ zarurati bilan bevosita bogʻliq. Rossiya qoʻshinlari Pokrovskdan shimoli-gʻarbga qanchalik „chuqurroq“ kirib borsa, ular bu diviziyani shunchalik uzoqroq va shiddatliroq „surishi“ kerak», —deydi sharhlovchi.
Uning hisoblashicha, Rossiya qoʻshinlari qoʻmondonligi Pokrovsk gʻarbidagi hujumga «shoshilgan». Uning fikricha, bu amaliyotni faqat Ukrainaning Kuraxovo yaqinidagi plasdarmi toʻliq yoʻq qilingandan keyingina tashkil etish mumkin edi.

Rossiya qoʻshinlarining eng koʻp hujumlari aynan Pokrovsk yoʻnalishiga toʻgʻri kelmoqda
Fevral oʻrtalariga kelib ham Ukraina guruhi Dachnoye, Ulakli va Konstantinopol hududlarini oʻz nazoratida saqlab qolmoqda. Bu Pokrovskdan 27-30 kilometr janubroqda.
Shunga koʻra, Kreml oʻzining eng yaxshi jangovar qismlarini, xususan, 90-tank diviziyasini bir vaqtning oʻzida ikkita qarama-qarshi yoʻnalishga sochib yuborishga majbur va ularning hech birida toʻliq muvaffaqiyatga erisha olmaydi.
Rossiya kuchlari bunday «choʻzilishi» ularning zichligi pasayishiga olib keladi, bu esa, oʻz navbatida, Ukraina qurolli kuchlariga lokal qarshi zarbalar uyushtirish imkonini qoldiradi.
Mashoves RF qoʻmondonligi Pokrovsk yoʻnalishidagi muammoni hal etish uchun yaqin vaqtlar ichida oʻz qoʻshinlarini qayta guruhlashga urinishini prognoz qilmoqda.
Rossiyadagi manbalar, masalan, Readovka harbiy nashri Ukrainaning Pokrovsk yaqinida Rossiya armiyasining chuqur kirib borishini toʻxtatishga qaratilgan dastlabki urinishlari muvaffaqiyatsizlikka uchraganini qayd etgan.
«Dushman katta kuchlar va intensiv artilleriya yordami bilan ta'minlangan bunday ulkan rejani amalga oshira olmadi. UQK eski xatosini takrorladi. Ular son va bosim orqali koʻproq narsaga erishishga qodir boʻlgan etarli miqdordagi kuchlarni bir vaqtning oʻzida jangga kiritishdan qochishdi», — deyiladi nashrning tahliliy eslatmasida.
Maqolada aytilishicha, keyingi harakatlar prognozi quyidagicha: Ukraina kuchlari yana oʻz rejasini amalga oshirishga va Rossiya qoʻshinlarini Pokrovskdan gʻarbga qaytarishga harakat qiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar