Polsha Yevropada yagona armiya tuzilishiga qarshi chiqdi

Polsha Yevropada yagona armiya tuzilishiga qarshi chiqdi
Foto: REUTERS
Yevropa davlatlari Rossiya tomonidan boʻlayotgan tahdidlarga qarshi turish uchun oʻzlarining milliy armiyalarini yagona tuzilmaga birlashtirmaydi. Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning bu boradagi taklifiga shunday izoh berdi.

«Bunday terminlarga ehtiyot boʻlish kerak, chunki odamlar turli narsalarni tushunishi mumkin. Agar gap milliy armiyalar birlashuvi haqida ketayotgan boʻlsa, bu sodir boʻlmaydi. Ammo men Yevropa Ittifoqining mudofaa imkoniyatlarini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlayman», — deydi vazir.

Sikorskiy, shuningdek, Yevropa Ittifoqi mazkur yoʻnalishda tegishli qadamlarni tashlayotgani, kuchaytirilgan brigada tuzayotganini ma'lum qildi. Shu bilan birga, Yevropa mudofaasining mustahkamlanishi ham milliy, ham Yevropa komponentlarini oʻz ichiga olishi kerakligini ta'kidladi.

Polsha mudofaa vazirining qayd etishicha, Varshava oʻz qoʻshinlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini koʻrib chiqmayapti. U Polshaning NATO doirasidagi asosiy vazifasi — alyansning sharqiy qanotini, ya'ni oʻz hududlarini himoya qilish ekanini eslatib oʻtgan.

Avvalroq Volodimir Zelenskiy xavfsizlik boʻyicha Myunxen konferentsiyasida Yevroittifoqni oʻz Qurolli kuchlarini tashkil etishga chaqirgandi. Ukraina prezidenti AQSh Yevropani qoʻllab-quvvatlashni qisqartirishi mumkinligidan xavotirini bildirgan: «Yevropa oʻz armiyasiga ega boʻlishi kerak. Yevropa armiyasi. Men rostdan ham vaqt keldi deb hisoblayman. Yevropa Qurolli kuchlari tuzilishi kerak».

Zelenskiy Ukraina armiyasi umumevropa kuchlarining tuzilishiga asos boʻlib xizmat qilishi mumkinligini qoʻshimcha qilgan. «Ukraina armiyasisiz Yevropa armiyasi Rossiyani toʻxtata olmaydi. Bu reallik. Armiyamiz zamonaviy urush tajribasiga ega, ammo uning sa'y-harakatlari yetarli emas», — deydi u.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar