
Argentinada “Vatan uchun ittifoq” partiyasi prezident Xaver Mileyga nisbatan impichment jarayonini boshlashni talab qilmoqda. Bu haqda Sinembargo xabar berdi.
Muxolifatchilarning bu qaroriga Miley X (sobiq Twitter) ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida kriptovalyuta haqidagi postni e'lon qilgani sabab boʻldi.
“Mileyning kriptovalyuta bilan bogʻliq firibgarlik jinoyatida ishtiroki gʻoyat jiddiy masala. Bu misli koʻrilmagan janjal. Deputatlar bloki prezidentga nisbatan impichment taklifini kiritishga qaror qildi”, deyiladi partiya bayonotida.
14 fevral kuni Miley X tarmogʻida “Argentina iqtisodiyoti oʻsishini ragʻbatlantirishga yordam beradigan” LIBRA kriptovalyutasi haqidagi ma'lumotni e'lon qilgandi. Mahalliy treyderlar bu tangani xarid qila boshlagan, natijada uning bozor qiymati 6 milliard dollargacha koʻtarilgan, biroq keyin valyuta qiymati 94 foizga qulagan.
Keyinchalik prezident oʻz postini oʻchirib tashlagan va “loyihaning tafsilotlarini bilmagani uchun uni boshqa qoʻllab-quvvatlamaslikka qaror qilganini” aytgan. Foydalanuvchilar uni “firibgar” deb atagan, investorlar esa oʻnlab million dollar yoʻqotgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar