
Foto: SkyNews
Falastinning HAMAS harakati garovga olingan barcha isroilliklarni bir vaqtning oʻzida ozod qilishga tayyorligini bildirdi, biroq shart qoʻydi. Bu haqda Al Jazeera'ga tayanib Daryo xabar berdi.
HAMAS Gʻazo sektorida oʻt ochishni toʻxtatish boʻyicha kelishuvning ikkinchi bosqichi boʻyicha muzokaralar chogʻida oʻz pozitsiyalarini bayon qildi.
"Biz ikkinchi bosqichga tayyormiz. Bu bosqichda garovdagilar bir vaqtda ozod etiladi. Bu jarayon oʻt ochishni doimiy toʻxtatish va Gʻazo sektoridan qoʻshinlarni toʻliq olib chiqish doirasida amalga oshiriladi", dedi HAMAS matbuot kotibi Hazem Qosim.
HAMASning yangi tashabbusi AQSh prezidenti Donald Tramp Gʻazoda saqlanayotgan isroillik garovdagilarni har hafta bosqichma-bosqich ozod qilishga qarshi chiqqanidan keyin e'lon qilindi. HAMASga barcha garovga olinganlarni ozod qilish talabi bilan ularning oila a'zolari ham darhol murojaat qilishdi.
15 yanvar kuni Isroil va HAMAS Gʻazoda garovga olinganlarni ozod qilish va anklavda oʻt ochishni toʻxtatish rejimini joriy etish boʻyicha kelishuvga erishdi. Uchta bosqichni oʻz ichiga olgan kelishuv 19 yanvar kuni kuchga kirdi.
Birinchi bosqichni amalga oshirish 42 kun davom etdi, bu vaqt ichida HAMAS kamida 33 nafar isroillik garovga olinganlarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinlik mahbuslar evaziga ozod qilishi kerak edi. Garovga olingan 19 kishi allaqachon Isroilga qaytarilgan. Kelishuvning ikkinchi va uchinchi bosqichlari boʻyicha muzokaralar ketmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar