
Foto: Ukraina prezidenti matbuot xizmati
AQSh ma'muriyati Ukrainadagi foydali qazilmalarni qazib olish boʻyicha kelishuvning “takomillashtirilgan” versiyasini Kiyevga yubordi. Bu haqda Axios xabar berganini Daryo ma'lum qilmoqda.
Soʻnggi kunlarda minerallar boʻyicha kelishmovchilik AQSh va Ukraina munosabatlarida keskin burilish boʻldi. Prezident Donald Tramp ukrainalik hamkasbini Rossiya bilan urushni tanlagan “saylanmagan diktator” sifatida qoraladi, Zelenskiy esa bunga javoban uni Rossiyaning “dezinformatsiya”sini yutib yuborganlikda aybladi.
Ikki tomondagi manbalar endilikda AQShga Ukraina minerallaridan foydalanishga ruxsat beruvchi bitim imzolanishini aytmoqda. Zelenskiy bitimning dastlabki versiyasi mamlakat manfaatlarini himoya qilmagani uchun vazirlarga mazkur hujjatni imzolamaslikni buyurgandi. Takomillashgan bitim shartlari Ukraina prezidentiga manzur kelishi kutilmoqda.
Manbalarga koʻra, hujjatga “sezilarli yaxshilanishlar kiritilgan” va u “Ukraina qonunchiligiga mos keladi”. Bitim “Zelenskiyning ayrim xavotirlarini hisobga olishi” qayd etilgan. Xususan, unda bitim Nyu York sudi yurisdiktsiyasiga tegishli boʻlishi haqidagi band chiqarib tashlangan. Boshqa tafsilotlar esa keltirilmagan.
"Zelenskiyning bir nechta maslahatchilari unga Tramp bilan “yangi kelishmovchiliklardan qochish” va unga Ukrainani qoʻllab-quvvatlashni asoslash imkoniyatini berish uchun yangilangan hujjatni imzolashni maslahat berdi", deyiladi xabarda.
Milliy xavfsizlik boʻyicha maslahatchi Mayk Vals Ukraina rahbari foydali qazilmalar masalasida “stolga qaytishi” kerakligini aytdi.
"Bu muzokara. Muzokarada esa siz muzokara qilasiz. Ukraina foydali qazilmalar boʻyicha muzokaralar olib bormoqchi, shuning uchun biz bu haqda gaplashyapmiz", dedi Oq uy rasmiysi.
Zelenskiy Ukraina mineral resurslarining 50 foiziga boʻlgan huquqlarni AQShga bermoqchi emas
Ukraina prezidenti tegishli kelishuvni imzolashdan bosh tortdi. U, shuningdek, AQSh vakillari bilan Ukraina konstitutsiyasiga muvofiq tayyorlangan togʻ-kon boʻyicha kelishuv boʻyicha oʻz taklifini muhokama qildi.
AQSh senatori Brayan Shas Ukraina prezidenti bilan uchrashuvdan soʻng Trampning taklifini “yaxshilash zarurligini” aytdi, biroq tafsilotlar haqida gapirishdan bosh tortdi. U, Zelenskiyning “kelishuvning bir tomonlamaligi haqidagi da'volari adolatli” ekanini ta'kidladi.
Xavfsizlik kafolatlari evaziga Ukraina resurslaridan foydalanish
Trampning soʻzlariga koʻra, u Zelenskiy bilan Rossiya bilan boʻlajak tinchlik shartnomasida xavfsizlik kafolatlari evaziga amerikalik investorlarga Ukrainadagi nodir metallar konlari va gaz konlariga kirish huquqini berish boʻyicha 500 million dollarlik kelishuv tuzmoqchi.
Gʻarbga Ukrainada foydali qazilmalarni qazib olish huquqini berish haqida Zelenskiy 2024 yil kuzida AQSh prezidentligiga oʻsha paytdagi nomzodlar Donald Tramp va Kamala Harrisga taqdim etgan “gʻalaba rejasi”da ham aytilgan.
3 fevral kuni Tramp bu variant haqida yana gapira boshladi, bu Gʻarb siyosatchilari va ommaviy axborot vositalarida katta shov-shuvga sabab boʻldi. 7 fevral kuni Zelenskiy Reuters agentligiga bergan intervyusida AQSh Ukraina tabiiy resurslarini oʻzlashtirishda ustuvorlikka ega boʻlishini, chunki “amerikaliklar hammadan koʻproq yordam berganini” aytdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar