
Foto: AFP
AQSh prezidenti Donald Tramp badavlat xorijliklarga 5 million dollarlik “olin karta” sotilishini aytdi. Bu chet elliklarga AQShda yashash va ishlash huquqini berish bilan birga fuqarolik olish imkoniyatini taqdim etadi. Bu haqda CNN'ga tayanib Daryo xabar berdi.
Biz oltin karta sotamiz. Sizda yashil karta bor. Bu esa oltin karta. Biz bu kartaning narxini taxminan 5 million dollar qilib belgilaymiz va u sizga yashil karta imtiyozlarini beradi, shu bilan birga, fuqarolikka erishish yoʻli boʻladi. Natijada bu kartani sotib olgan boy odamlar mamlakatimizga kirib keladi, dedi siyosatchi.
Tramp kartalar sotuvi taxminan ikki haftadan soʻng boshlanishini aytdi va millionlab shunday kartalar sotuvga qoʻyilishini ta'kidladi. U rossiyalik ayrim oligarxlar ularni xarid qilishini istisno etmadi.
AQSh savdo vaziri Govard Lutnik aytishicha, bu karta hukumatning EB-5 immigratsion investor vizasi dasturi oʻrnini egallaydi. Mazkur dastur xorijiy investorlarga AQShda ish oʻrinlari yaratadigan loyihalarga sarmoya kiritish va keyin AQShga koʻchib kelish uchun viza olishga ariza topshirish imkonini beradi.
Albatta, ular dunyo miqyosidagi fuqarolar ekaniga ishonch hosil qilish uchun tekshiruvdan oʻtishlari kerak, dedi Lutnik.
AQSh Fuqarolik va immigratsiya xizmatlari veb-saytida koʻrsatilishicha, 1992 yilda Kongress tomonidan tashkil etilgan EB-5 dasturi amerikalik ishchilar uchun ish oʻrinlari yaratish maqsadida kamida 1 050 000 dollar yoki maqsadli bandlik hududlari deb ataladigan iqtisodiy qiyin ahvoldagi joylarga 800 000 dollar sarmoya kiritgan muhojirlarga yashil karta berishi mumkin.
Tramp va uning oilasiga aloqador korxonalar ham yirik koʻchmas mulk loyihalarini moliyalashtirish uchun ushbu dasturdan foydalangan.
Dastur Trampning birinchi prezidentlik muddatida Kongressdagi ikki partiya vakillarining tanqidiga uchragan. Koʻpchilik dastur oʻz maqsadlaridan chetlashgani va isloh qilish zarurligini aytgan.
2019 yilda Tramp administratsiyasi maqsadli iqtisodiy hududlar uchun minimal investitsiya miqdorini 900 ming dollarga, boshqa joylarda esa 1,8 million dollarga oshirishga uringan. Biroq 2021 yilda federal sudya qoidani tasdiqlagan ichki xavfsizlik vaziri vazifasini bajaruvchi shaxs toʻgʻri tayinlanmaganini aniqlagan va oʻzgarishni bekor qilgan.
Dastur soʻnggi marta 2022 yilda Bayden ma'muriyati davrida yangilandi, bunda minimal investitsiya talablari hozirgi darajaga koʻtarildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar