19:57 / 09.03.2025
2 451

Ukraina Pokrovsk va Toretsk atrofida qarshi hujumga o‘tdi. Bu nima bilan bog‘liq?

Ukraina Pokrovsk va Toretsk atrofida qarshi hujumga o‘tdi. Bu nima bilan bog‘liq?
Bahor kelishi bilan Rossiya armiyasining Ukrainadagi hujum amaliyotlari susaydi, hujumlar intensivligi va oldinga siljish sur’ati sezilarli darajada pasaydi. Ukraina qo‘shinlari esa faollashib, ketma-ket qarshi hujumlar uyushtirdi va yo‘qotilgan hududlarning kichik qismini qaytarib oldi.

BBC rus xizmati harbiy sharhlovchisi Rossiya-Ukraina frontida nimalar sodir bo‘layotgani haqida qisqacha sharh berdi.

Yakunlangan hafta davomida Rossiya qo‘shinlari turli hududlarda, ayniqsa Donetsk g‘arbida hujumlarni faol davom ettirdi. Velikamixaylovsk yo‘nalishida ular Mokriye Yali daryosi shimoliga, Kuraxovo yo‘nalishida esa Konstantinopol shahriga yorib o‘tishga harakat qilishdi.

Rossiyaning hujum amaliyotlari boshqa uchastkalarda ham davom etdi – Xarkivdan sharqda Kupyansk va shimoli-sharqda Vovchansk hududlarida, Donetskdan shimolda Liman va Seversk hududlarida, Kramatorskdan janubi-sharqda Chasiv Yar hududida, Pokrovsk hududida, Zaporijjyadan janubi-sharqda Orixiv hududida, shuningdek, Kursk oblastida.

Aksariyat yo‘nalishlarda rus qo‘shinlarining oldinga siljishi kuz-qish kampaniyasidagiga qaraganda arzimas darajada bo‘lmoqda. Amerika Urushni o‘rganish instituti (ISW) 5 mart kungi hisobotida Rossiya armiyasining butun front chizig‘idagi tasdiqlangan muvaffaqiyatlarini topmadi.

Shu bilan birga, ko‘plab manbalar, jumladan, rossiyaliklar ham Donetsk g‘arbi va shimolida Ukraina qurolli kuchlari faollashgani haqidagi xabarlarni tasdiqladi.

Umuman olganda, janglarning qizg‘inligi saqlanib qolmoqda, ammo jiddiy natijalar yo‘q.
Davomli qarshi hujumlarda Ukraina qo‘shinlari Pokrovskka hujum qilayotgan Rossiya bo‘linmalarini biroz ortga chekintirib, o‘z pozitsiyalarini tiklashga muvaffaq bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlarining qarshi zarbalari geografiyasi e’tiborga molik – shaharning g‘arbiy (Kotlino, Udachne, Novosergiyivka, Uspenovka hududida) va sharqiy (Vozdvijenka va Vodyanoye Vtoroye hududida) qanot chiziqlari bo‘ylab, shuningdek, janubda – Dachanskoye va Shevchenko qishloqlari hududida.

«5 mart kuni e’lon qilingan geolokatsiya kadrlari Rossiya qo‘shinlari Shevchenko sharqida (Pokrovskdan janubda) Ukraina zirhli mashinalariga zarba berayotganini ko‘rsatmoqda, bu esa Ukraina kuchlari yaqinda bu hududda oldinga siljiganini ko‘rsatadi», – deb yozadi ISW.

Ukraina qo‘shinlari yana bir qarshi zarbani Toretskda berdi. To‘lig‘icha Rossiya armiyasi nazoratiga o‘tgandek ko‘ringan shahar yana jang maydoniga aylandi – Ukraina bo‘linmalari shaharga yorib kirgani va deyarli Toretsk markazida otishmalar bo‘lgani xabar qilingan.

Rossiya mudofaa vazirligi 7 fevral kuni Toretsk egallab olinganini e’lon qilgandi (Rossiya harbiy idorasi ma’lumotlarida Ukrainaning bu shahri eski nomi bilan Dzerjinsk deb atalgan). Biroq, Ukraina qurolli kuchlari shahar chekkalarini nazorat qilishda davom etdi va fevral oyi oxirida ukrain harbiylari yana Toretsk markaziga kirdi. «Meduza»ning so‘nggi harbiy hisobotida aytilishicha, ular Toretskdagi rus bo‘linmalari rotatsiya qilinganidan foydalangan. Ukraina harbiylari ta’kidlashicha, Toretsk ham Chasiv Yar kabi RF qo‘shinlarining oylab davom etayotgan urinishlariga qaramay, hali qulamadi. Ukraina nashrlari mart oyi boshida rossiyalik harbiy Svyatoslav Golikovning telegram-kanalidagi postiga iqtibos keltirgan, unda Rossiya Mudofaa vazirligi Toretskni «kredit»ga olgani, shahardagi haqiqiy vaziyat esa «dahshatli va mavhum» ekani aytilgan.

«Pokrovsk ostonasida hammasi juda murakkab, logistika izdan chiqmoqda, odamlar yo‘q, – deb yozadi oldingi chiziqdagi Rossiya qismlari ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi rossiyalik harbiy bloger «BCH 3». – Chasiv Yar yaqinida biroz oldinga yuramiz, lekin o‘sha manzara – logistikani buzishmoqda, odamlar yo‘q. Toretsk bo‘yicha ham shu gap – shahar janglari, Ukraina qurolli kuchlari qarshi hujumga o‘tmoqda. Barcha darajadagi rahbarlarga lag‘mon osishda davom etamiz».

«Nega odamlar yo‘q? Nima uchun havodagi ustunlik raqibda va bu ustunlik barqaror o‘sish tendensiyasiga ega? Ularning osmonda 24/7 vaqt davomida parvozda bo‘luvchi qanotlari, Baba-Yaga dronlari, kamikadzelarga 20 km masofaga uchish imkonini beruvchi retranslyatorlari bor. Umuman olganda, bizda hamma narsa kamtarroq. FPV dronlar bo‘yicha ustunlik ilgari 1 ga 6 edi, endi yanada kattaroq. Bu bizda dronlar kamligidan emas, garchi bu ham bo‘lsa. Bizda operatorlar kamroq», – deb hisoblaydi rossiyalik bloger.

Ukraina qurolli kuchlarida dronlar chindan ham juda ko‘p va yanada ko‘payib bormoqda. Foto: EPA
«Taktik darajadagi cheklangan qarshi hujumlar»

Rossiya hujumi sur’atlari pasayishi va Ukraina qurolli kuchlari faollashuvi sabablari turlicha bo‘lishi mumkin.

Katta ehtimol bilan, bir necha oylik uzluksiz hujumlardan so‘ng Rossiya bo‘linmalari holdan toygan va endi dam olish, qayta tashkil etish va qayta guruhlanishga muhtoj.

Iqlim sharoitlari ham ta’sir ko‘rsatadi – bahor kelishi bilan yo‘llar yomonlashadi va ob-havo ukrainlar foydalanayotgan dronlar parvozi uchun qulaylashadi.

Yanvar oyi oxirida Ukraina qurolli kuchlari quruqlikdagi qo‘shinlari qo‘mondoni general Mixaylo Drapatiy Donbassda jang qilayotgan «Hortitsa» qo‘shinlari operativ-strategik guruhi rahbari etib tayinlangani ham o‘z rolini o‘ynagan bo‘lishi mumkin.

U boshqaruvga kelishi bilan Ukraina qo‘shinlari tez-tez passiv mudofaa taktikasidan chetga chiqib, javob zarbalari berishni va qarshi tahdidlarni yaratishni boshladi.

Pokrovsk yo‘nalishida – qarshi hujum emas, balki «taktik darajadagi cheklangan qarshi hujumlar» amalga oshirilmoqda, deb tushuntiradi ukrainalik harbiy jurnalist Bogdan Miroshnikov.

«Dushman aksariyat uchastkalarda baribir hujum harakatlarini amalga oshirishga harakat qilmoqda. Bundan tashqari, ular [rossiyaliklar] bizning qarshi hujumlarimizga javob berish uchun qayta guruhlanishga harakat qilmoqda. Ammo umumiy ma’no tushunarli – dushman 1,5 yillik tinimsiz hujumda qattiq charchagan. Biz bundan endigina foydalanishni boshlayapmiz», – deb yozadi u.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo