21:12 / 19.03.2025
117

Buyuk Britaniyada tilla unitazni o‘g‘irlashga aloqadorlar sud qilindi

Buyuk Britaniyada tilla unitazni o‘g‘irlashga aloqadorlar sud qilindi
Foto: Leon Neal
Oksford qirollik sudi 2019 yilda tilladan yasalgan unitazni o‘g‘irlagan ikki gumonlanuvchi ishini ko‘rib chiqdi. Sud Maykl Jonsni o‘g‘irlik va buzib kirishda, Fred Dou esa o‘g‘irlangan buyumni tashish maqsadida til biriktirishda aybdor deb topdi.

Oldinroq sud jinoyatning yana bir ishtirokchisi Jeyms Shinni o‘g‘irlik va buzib kirish hamda o‘g‘irlangan buyumni tashish maqsadida til biriktirishda aybdor deb topgan edi. Gumonlanuvchilardan yana biri oqlangan. Maykl Jons va Fred Douga nisbatan hukm keyinroq chiqariladi.

Tilla unitaz — italiyalik ijodkor Mauritsio Kattelan tomonidan Nyu-Yorkdagi Solomon Guggenhaym muzeyi uchun yasalgan zamonaviy san’at obyekti hisoblanadi. Muallif o‘z asarini «Amerika» deb nomlagan. Unitaz o‘g‘irlab ketilishidan oldin 6 million dollarga sug‘urtalangan edi, uni tayyorlashda esa taxminan 4 million dollarlik oltindan foydalanilgan.

2019 yilda ushbu obyekt Blenxeym saroyidagi ko‘rgazmaning bir qismiga aylangandi. Mazkur saroy Malboro gersoglari qarorgohi bo‘lib, u yerda Uinston Cherchill tug‘ilgan. Ko‘rgazmaga tashrif buyurganlar undan o‘z maqsadida foydalanishi mumkin edi. Kattelanning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z asari orqali tengsizlik va san’at bozoridagi muammolarga e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan.

O‘sha yilning sentyabr oyida jinoyatchilar yuk mashinasida saroyning yog‘och darvozasini buzib, bino ichiga kirishga muvaffaq bo‘lgan. So‘ng ular og‘irligi 100 kilogrammga yetadigan unitazni olib ketgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ular unitazni mayda bo‘laklarga bo‘lib, sotib yuborgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo