Bog‘chalarda davomat endi onlayn yuritiladi: Biometrik nazorat va yangi tartib joriy etildi

O‘zbekistondagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qog‘ozbozlikdan to‘liq voz kechilib, xodimlar va bolalar davomatini onlayn qayd etish tizimi ishga tushirildi.
2026 yil 1 sentyabrdan boshlab respublikadagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hamda «Ilk rivojlanish markazlari»da «Bolalar bog‘chasi» axborot tizimi orqali elektron davomatni yuritish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.
Bolalar davomati qanday olinadi?
Yangi tartibga muvofiq, tarbiyalanuvchilarning bog‘chaga kelgani mobil ilova va zamonaviy biometrik identifikatsiya vositasida tasdiqlanadi:
Vaqt chegarasi: Davomat har bir ish kunida soat 7:00 dan 9:00 gacha belgilangan tartibda olinadi.
Taomnoma va sarf-xarajat: Kunlik elektron davomat tizimga kiritilishi bilan «Yagona mavsumiy taomnoma» asosida bolalar uchun tayyorlanadigan oziq-ovqat mahsulotlarining natura ko‘rinishidagi kunlik sarfi inson omilisiz, to‘liq avtomat tarzda hisoblab chiqiladi.
Xodimlar uchun qanday o‘zgarishlar bor?
Yangi raqamli tizim pedagog va xodimlar faoliyatiga ham taalluqlidir:
Xodimlarning ishga kelib-ketishi ham bevosita biometrik identifikatsiya orqali, ularning mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan ish vaqti doirasida qayd etiladi.
Ushbu qaydlar asosida oylik ish vaqti tabeli avtomat tarzda shakllantirilib, inson omili bilan bog‘liq xatoliklarning oldi olinadi.
Ushbu tizim bog‘chalarda shaffoflikni ta’minlash, oziq-ovqat mahsulotlarining ortiqcha yoki noto‘g‘ri sarflanishiga chek qo‘yish hamda xodimlarning mehnat intizomini mustahkamlashga xizmat qiladi.































Izohlar 0
…