13:09 / 20.03.2025
117

Yevropa Ittifoqi Rossiyani yaqin kelajakda xavfsizlik uchun asosiy tahdid deb e’lon qildi

Yevropa Ittifoqi Rossiyani yaqin kelajakda xavfsizlik uchun asosiy tahdid deb e’lon qildi
Yevropa Ittifoqi Rossiyani Yevropa xavfsizligi uchun yaqin kelajakdagi eng jiddiy tahdid sifatida ko‘rishini ma’lum qildi. Bryusselda e’lon qilingan Yevropa mudofaasining 2030 yilgacha bo‘lgan muddatga operativ tayyorgarligi to‘g‘risidagi Oq kitobda Rossiyaning tajovuzkor yadroviy siyosat yuritayotgani va Belarusda yadroviy qurol joylashtirishi ayniqsa xavfli vaziyat sifatida qayd etilgan.

Hujjatda Moskva «tizimli beqarorlik tarmog‘i»ni yaratishda ayblanib, avtoritar davlatlar bilan yaqin hamkorlik qilib, Yevropa Ittifoqining qo‘shni hududlarida— G‘arbiy Bolqon, Gurjiston, Moldova va Armaniston kabi davlatlarda doimiy ravishda qarama-qarshilik va beqarorlikni qo‘zg‘atib kelayotgani qayd etilgan. Bundan tashqari, Rossiyaning Afrika qit’asidagi ta’siri ham barqarorlikni buzuvchi faktor sifatida ta’riflangan.

Shuningdek, Bryussel Ukrainadagi vaziyatga alohida e’tibor qaratgan. Yevropa Ittifoqi fikricha, agar Rossiya Ukrainada o‘z maqsadlariga erishadigan bo‘lsa, uning hududiy ambitsiyalari bundan ham kengroq qamrovga ega bo‘ladi.

Yana bir muhim jihat – 2025 yilga borib Rossiyaning mudofaa xarajatlari xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlarning umumiy mudofaa xarajatlaridan yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda. Bu esa Yevropaning mudofaa siyosatida jiddiy o‘zgarishlarga sabab bo‘lishi mumkin.

Shu munosabat bilan Yevropa Ittifoqi o‘zining mudofaa strategiyasida Rossiyaga nisbatan jiddiy e’tibor qaratish va xavfsizlik choralarini yanada kuchaytirishga qaror qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo