
Rossiya Federatsiyasi hududida umr ko‘rish davomiyligi bo‘yicha to‘liq statistik ma’lumotlar endi ommaga oshkor etilmaydi. Rosstat rasmiy saytida endi faqat umumiy ko‘rsatkichlar e’lon qilinadi, hududlar kesimidagi, shuningdek, erkaklar va ayollar bo‘yicha alohida ma’lumotlar berilmayapti.
Mutaxassislar bu qarorni Rossiyaning Ukrainadagi harbiy yo‘qotishlari bilan bog‘liq deb baholamoqda. Urush frontiga jalb qilingan yosh erkaklar o‘rtasidagi o‘lim holatlari shiddat bilan oshgani bu qarorga sabab bo‘lishi mumkin.
Rosstat statistikasi va umr davomiyligi pasayishi
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yilda rossiyaliklarning o‘rtacha umr davomiyligi 7 oyga qisqarib, 72,84 yil bo‘ldi. Bu pandemiyadan keyingi ilk pasayish bo‘lib, agar koronavirus inobatga olinmasa, 2000-yillardan beri eng katta pasayish hisoblanadi.
2024 yilda esa rasmiy o‘lim holatlari 2023 yilga nisbatan 3,3% ga o‘sib, 1,816 million kishini tashkil qildi. Shu bilan birga, tug‘ilish darajasi so‘nggi 25 yildagi eng past ko‘rsatkichga tushib, atigi 1,222 million bola tug‘ildi. Rossiya aholisining tabiiy qisqarishi esa 495 ming kishiga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 20% ko‘proq.
Ukrainadagi yo‘qotishlar va demografik inqiroz
Ekspertlar umr davomiyligi pasayishiga Rossiyaning Ukrainadagi yo‘qotishlari katta ta’sir qilganini ta’kidlamoqda. Demograf Aleksey Raksha ma’lumotlarga ko‘ra, frontda halok bo‘lgan harbiylarning o‘limi Rosstat bazasiga taxminan 1,5 yil kechiktirib kiritiladi.
Britaniya razvedkasi hisob-kitoblariga ko‘ra, 2025 yil mart oxirigacha Rossiya armiyasining Ukrainadagi umumiy yo‘qotishlari 900 ming kishiga yetgan, shundan 200–250 ming nafari halok bo‘lgan.
Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti (IISS) ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil fevral oyigacha Rossiya 172 ming harbiyni yo‘qotgan, 611 ming kishi jarohatlangan, shundan taxminan 400 ming nafar harbiy nogironlikka uchragan.
Ma’lumotlarni maxfiylashtirish ortida nima bor?
Rossiya hukumati umr davomiyligi bo‘yicha to‘liq statistikani e’lon qilmaslikka qaror qilishi ehtimolan quyidagi sabablarga borib taqaladi:
- Frontdagi yosh erkaklar o‘rtasida o‘lim holatlari ortib borayotganini yashirish;
- Aholi orasida harbiy yo‘qotishlarga nisbatan hushyorlikni oshirmaslik;
- Rossiyadagi demografik inqirozning aniq ko‘rsatkichlarini oshkor qilmaslik.
Rossiya hukumatining bu siyosati davlat statistikasining ishonchliligini yanada shubha ostiga qo‘yadi. Shuningdek, demografik inqiroz va harbiy yo‘qotishlar haqidagi real ma’lumotlarni olishni qiyinlashtiradi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar