Olimlar inson umrining eng yuqori chegarasini hisoblab chiqdi

Inson qarishining asosiy sabablari bartaraf etilsa ham, odam minglab yillar yashay olmaydi. Skolkovo fan va texnologiyalar instituti olimlari olib borgan yangi tadqiqotga ko‘ra, bunga hujayralari deyarli yangilanmaydigan a’zolar, avvalo bosh miya va yurak asosiy to‘siq bo‘ladi.
Tadqiqotchilar insonning maksimal nazariy umrini baholash uchun somatik mutatsiyalar — tug‘ilgandan keyin hujayralarda DNK nusxalanishi jarayonida to‘planib boradigan o‘zgarishlarni tahlil qildi. Hisob-kitoblar Shveysariyaning 30 yoshli sog‘lom aholisi o‘rtasidagi o‘lim ko‘rsatkichlari asosida tuzilgan model orqali amalga oshirildi.
Natijalarga ko‘ra, agar qarish bilan bog‘liq omillar umuman bo‘lmaganida, insonning o‘rtacha umr davomiyligi 1 759 yil, maksimal umri esa 29 ming yildan oshishi mumkin edi. Biroq somatik mutatsiyalar hisobga olinganda bu ko‘rsatkich keskin pasayadi.
Olimlar aniqlashicha, somatik mutatsiyalar eng ko‘p hujayralari qayta tiklanmaydigan bosh miya neyronlari va yurak mushagi hujayralariga ta’sir qiladi. Shu sababli, hatto qarishning boshqa sabablari bartaraf etilgan taqdirda ham, insonning nazariy o‘rtacha umri taxminan 156 yil, maksimal umri esa 470 yil atrofida bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot mualliflarining ta’kidlashicha, amalda odamlar bu yoshga ham yetib bormaydi. Chunki qarish faqat somatik mutatsiyalar emas, balki oqsillar muvozanatining buzilishi, mitoxondriyalar faoliyatidagi nosozliklar va epigenetik o‘zgarishlar kabi bir nechta biologik mexanizmlar ta’sirida yuzaga keladi.
Olimlar hisob-kitoblariga ko‘ra, kelajakda qarishning asosiy sabablari bartaraf etilsa ham, insonning real o‘rtacha umr davomiyligi 146–194 yil atrofida bo‘lishi mumkin. Ular fikricha, umrni yanada uzaytirish uchun eng avvalo asab to‘qimasi va bosh miyani tiklash texnologiyalarini rivojlantirish talab etiladi.






























Izohlar 0
…