19:43 / 28.03.2025
323

Putin va Erdo‘g‘on Rossiya-AQSH muloqoti va “Qora dengiz tashabbusi”ni muhokama qildi

Putin va Erdo‘g‘on Rossiya-AQSH muloqoti va “Qora dengiz tashabbusi”ni muhokama qildi
Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘on o‘rtasida telefon orqali muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.

“Rossiya prezidenti Ukraina mojarosini tinch yo‘l bilan hal etish va Rossiya-Amerika munosabatlarini normallashtirish bo‘yicha AQSH bilan olib borilayotgan muloqotni baholash natijalarini baham ko‘rdi. Oliy va boshqa darajalarda o‘tkazilgan aloqalarning konstruktiv tabiati ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Prezidentlar, xususan, ikki mamlakat ekspert guruhlarining yaqinda Ar-Riyodda o‘tkazilgan maslahatlashuvlar natijalarini va 18 martdan boshlab 30 kun davomida Rossiya va Ukraina energetika obyektlariga zarbalar berishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni muhokama qilishgan.

“Shu bilan birga, Vladimir Putin Kiyev rejimining Rossiya energetika infratuzilmasiga hujum qilish bo‘yicha davom etayotgan provokatsion urinishlariga e’tibor qaratdi”, deyiladi bayonotda.

“Shuningdek, dastlab 2022 yil iyulda Turkiya va BMT Kotibiyati vositachiligida tuzilgan, ammo amalda amalga oshirilmagan xavfsiz dengiz qatnovi va Rossiya oziq-ovqat hamda o‘g‘itlari eksporti yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha “Qora dengiz tashabbusi”ni qayta tiklash masalalari yuzasidan fikr almashildi”, deb ta’kidlanadi xabarda.

Ta’kidlanishicha, Erdo‘g‘on Rossiya-AQSH muloqotini qo‘llab-quvvatlashini va Turkiya tomonining “Qora dengiz bitimi”ni ilgari surishga ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.

Prezidentlar suhbat davomida turli sohalarda, jumladan energetika sohasida strategik loyihalarni ilgari surish kabi o‘zaro manfaatli Rossiya-Turkiya hamkorligini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar.

“Ikki tomonlama aloqalarning ijobiy sur’atda rivojlanayotgani, o‘zaro savdo hajmining ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi”, deya ta’kidlanadi xabarda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo