date
views 1 290

Tramp Oq uyda matbuot ko‘z o‘ngida Netanyahuni tahqirladi

Tramp Oq uyda matbuot ko‘z o‘ngida Netanyahuni tahqirladi
Isroil bosh vaziri matbuot xizmati ma’lum qilishicha, u Vengriyaga qilgan tashrifidan so‘ng, Tramp taklifi bilan AQSHga uchib ketgan.

Jurnalistlar uchun qilgan bayonotida Netanyahu tomonlar bojlar masalasini, G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv muzokaralarini, Isroildagi mahkumlar holatini, Suriyada Turkiya va Isroil o‘rtasidagi keskinlikning o‘sishi hamda Eron masalasini muhokama qilganini ma’lum qilgan.

Tramp Netanyahuni Oq uydagi Oval kabinetda qabul qildi va matbuot uchun qo‘shma bayonot berdi.

Isroil matbuotining ta’kidlashicha, Tramp matbuot kameralari oldida Netanyahuni tahqirlagan va uchrashuv yakunlariga ko‘ra Netanyahuning qo‘llari bo‘sh qolgan.

Sharmandali va tahqiromuz

Walla saytida Barak Ravid tomonidan chop etilgan tahliliy maqolada ta’kidlanishicha, Netanyahu Vashingtondan o‘zi istagan hech bir natijani qo‘lga kiritmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Netanyahu «sharmandali va tahqiromuz» holatga tushib qolgan va «u Eron yadroviy dasturi, isroilga nisbatan joriy etilgan 17 foizlik boj masalalari va Suriyadagi Turkiya mavqeini hal qilish kabi eng muhim masalalarda Trampga ta’sir o‘tkazish imkoniyatidan mahrum bo‘lgan».

7 apreldagi uchrashuvni Isroil bosh vazirining Tramp bilan eng muvaffaqiyatsiz uchrashuvi deb baholar ekan, Ravid: «Netanyahu kameralar oldida shunchaki kulib turdi va Trampning bayonotlariga ko‘nikishga majbur bo‘ldi», deb yozadi.

«Netanyahu Donald Tramp sahnasining statistiga aylandi. AQSH prezidenti yarim soatdan ziyod savollarga javob berdi —uning mehmoni esa studiya sahnasidagi dekoratsiyaning bir qismi kabi turdi. Yoki, Netanyahuning o‘zi mashhur videosida aytganidek, gultuvakdek o‘tirdi», — deb yozadi u.

Netanyahuning «AQSH bilan savdo muvozanatini bartaraf etish» bo‘yicha va’dasi Trampga ta’sir qilmadi. AQSH rahbari Isroil bosh vazirini harbiy yordam masalasida tanqid qildi.

Ravidning ta’kidlashicha, fevralda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdagi ko‘tarinki kayfiyatdan farqli ravishda bu safar «Netanyahu xuddi tilini yutgandek ko‘ringan».

Uchrashuvning ko‘zga ko‘rinmas tomonlari to‘g‘risidagi mulohazalarini bayon etar ekan, Ravid shunday yozadi: Netanyahu uchrashuv vaqtida Turkiyaning Suriyadagi faoliyatidan xavotir bildirgan va AQSHdan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anga bosim o‘tkazishni so‘ragan, biroq bu iltimos eshitilmagan. Qaytaga, Tramp Erdo‘g‘anni maqtab ketgan.

«Xulosa shundaki, bu uchrashuvdan na Netanyahu, na Isroil davlati hech narsa yutgani yo‘q», — deb yozadi Ravid.

Tahqirlanish holatidagi kutilmagan «syurpriz»

«Maariv» gazetasi siyosiy tahlilchisi Anna Barski «Tramp Netanyahuni to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda tahqirladi va bu uchrashuv Netanyahuning tashrif maqsadlarini yo‘qqa chiqardi», deb yozdi.

Barskining ta’kidlashicha, Netanyahu bu tashrifni jamoatchilik oldida muvaffaqiyatli deb ko‘rsatishga urinadi, voqealarni o‘ziga ma’qul tusda taqdim qilishga harakat qiladi. Ammo shunga qaramasdan, u bu tashrif natijalarini yashirish yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri efirda aytilgan bayonotlardan keyin hodisani unutishni uddalashi qiyin bo‘ladi.

Muallif uchrashuvni shunday ta’riflaydi: «Bir so‘z bilan ifodalanganda — syurpriz, uch so‘z bilan aytganda — tahqirlangan holatdagi syurpriz».

Netanyahu bu tashrifni «AQSH tomonidan Isroilga nisbatan joriy qilingan 17 foizlik bojlar muhokamasi» deb e’lon qilgan bo‘lsa-da, aslida muzokara mavzusi Vashington va Tehron o‘rtasidagi yadroviy dastur bo‘yicha to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar bo‘lgan. Barskining ta’kidlashicha, AQSH shanba kuni O‘monda Eron bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlashini mehmon oldida e’lon qilgan.

Netanyahu Isroil va AQSH o‘rtasidagi savdo muvozanatini bartaraf etishga va’da bergan bo‘lsa-da, Tramp bojlarni bekor qilish niyatida ekanini bildirmadi va AQSH shundoq ham har yili Isroilga 4 mlrd dollarlik yordam ko‘rsatishini eslatib qo‘ydi.

Tramp prezident Erdo‘g‘an bilan yaxshi munosabatlarini ta’kidlar ekan, isroillik jurnalisti Erdo‘g‘anning Netanyahuni keskin tanqid qilgan bayonotlarini eslatib o‘tdi.

Barskining xulosasiga ko‘ra, «zudlik bilan amalga oshirilgan va barcha masalalarni hal qilib, Isroilga siyosiy ochkolar bilan qaytish kerak bo‘lgan mazkur tashrif achinarli voqea bilan yakunlandi va ko‘plab savollar, kam javoblar qoldirdi».

Boj masalasida ham tahqirli javob

«Yediot Axronot» gazetasida Itamar Eyhner imzosi bilan chop etilgan tahliliy maqolada ham Tramp bilan shoshilinch uchrashuvdan so‘ng Netanyahu yurtiga qo‘li bo‘sh qaytayotgani ta’kidlangan.

Muallif Tramp ko‘proq Eron bilan diplomatik muzokaralarga urg‘u bergani va Isroil tovarlariga bojlarni joriy etishni davom ettirishini ta’kidlaganini keltirmoqda.

Ko‘p fikrlardan farqli o‘laroq, Netanyahuning Vashingtonga shoshilinch tashrifiga asosiy sabab boj masalasi emas, balki Eron bilan olib borilayotgan muzokaralar bo‘lgan. Tramp Eron bilan yuqori darajadagi muzokaralar olib borilayotganini Netanyahuga ma’lum qilgan.

AQSH va Eron o‘rtasida o‘tkazilayotgan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar — bu Netanyahu eshitishni eng xohlamagan narsa edi.

«Boj masalasida Netanyahu yanada tahqirli javob oldi», — deb yozadi muallif.

Isroil AQSH tovarlariga bojlarni bekor qilgan bo‘lsa-da, AQSH Isroil tovarlariga joriy etilgan bojlarni olib tashlamadi. Tramp esa AQSH «Isroilga ko‘pdan beri yordam berib kelayotganini» minnat qildi. Shunday qilib, Netanyahu yana qo‘li bo‘sh qaytdi.

Muallifning ta’kidlashicha, «Suriyada Turkiya ta’sirining ortgani» haqida gap ketar ekan, Tramp prezident Erdo‘g‘anni yaxshi ko‘rishi haqida gapirgan va Isroil hamda Turkiya o‘rtasidagi ziddiyatning oldini olish uchun vositachi bo‘lishni taklif qilgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo