
Quyoshda yuzaga kelgan katta koronal teshik tufayli yaqin kunlarda Yer magnitosferasida jiddiy o‘zgarishlar kuzatiladi. Bu haqda Rossiya Fanlar akademiyasining Kosmik tadqiqotlar instituti va Quyosh—Yer fizikasi sohasidagi mutaxassislar ma’lum qildi.
Faollik qachon boshlanadi?
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Yerdagi geomagnit fonidagi barqarorlik 21 aprelgacha saqlanib turadi. Biroq dushanba, ya’ni 22 aprel kuni kechqurundan faollik shiddat bilan ortadi.
Aynan shu vaqtdan boshlab Yer atmosferasiga kuchli magnit bo‘roni yopirilib kirishi kutilmoqda. Olimlar bunday faollik yuz berish ehtimolini 80 foizgacha baholamoqda.
Qaysi kunlarda eng shiddatli bo‘ladi?
Magnit g‘alayonlarining eng yuqori darajasi 23 va 24 aprel kunlariga to‘g‘ri keladi. Bu vaqtda G2 darajasidagi kuchli geomagnit zarbalar kuzatilishi mumkin. Faqat 25–29 aprel oralig‘idagina magnit maydoni barqaror holatga qaytishi taxmin qilinmoqda.
Bo‘ron taxminan ikki kun davom etishi mumkin. Uning birinchi belgilari 21 aprel soat 14:00 dan keyin kuzatiladi. Kuchli geofizik ta’sir 22 va 23 aprel davomida saqlanishi, faqat 24 aprel kechki soat 21:00 dan keyin tinchlanishi mumkin.
Shu bilan birga, olimlar hushyorlikka chaqirmoqda: koronal teshiklar ba’zan kutilmagan qo‘shimcha bo‘ronlarga sabab bo‘lishi va ularning davomiyligi taxmindan uzoqroq bo‘lishi mumkin.
Magnit bo‘ronida o‘zingizni qanday asrash kerak?
Tibbiyot mutaxassislari bunday kunlarda quyidagilarga amal qilishni tavsiya etmoqda:
- Uyqu tartibini buzmaslik, yorug‘ va tinch muhitda yetarlicha uxlash;
- Spirtli ichimliklar va yog‘li taomlardan uzoqlashish;
- Kun davomida ko‘p suv ichish — bu organizmning barqaror ishlashini ta’minlaydi;
- Ochiq havoda sayr qilish, yengil jismoniy faollik bilan tanani faol holatda ushlab turish;
- Agar zarur bo‘lsa, shifokor maslahatiga ko‘ra yurak-qon tomir tizimini qo‘llab-quvvatlovchi dorilar qabul qilish.
Shuningdek, asab tizimiga ortiqcha zo‘riqish berishdan saqlanish, stressni kamaytirish ham juda muhim.
Bu birinchi marta emas
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada ham Yer magnitosferasiga kuchli geomagnit zarbalar ta’sir ko‘rsatgan, ba’zi odamlarda bosh og‘rig‘i, asabiylik, uyqusizlik va umumiy charchoq kuzatilgan.
Siz bu kabi magnit bo‘ronlarini sezasizmi? Tanangiz qanday reaksiya qiladi? Misollaringizni sharhda qoldiring! “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar