Angliyada eng ko‘p qo‘yilgan ism yana Muhammad bo‘ldi

Angliya va Uelsda 2025 yilda tug‘ilgan o‘g‘il bolalar orasida Muhammad ismi eng ommabop nom sifatida yana birinchi o‘rinni egalladi. Shu tariqa, mazkur ism uchinchi yil ketma-ket mamlakatdagi eng ko‘p tanlangan o‘g‘il bolalar ismi bo‘lib qolmoqda.
Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yil davomida qariyb 6 ming nafar chaqaloqqa Muhammad ismi berilgan. Bu ko‘rsatkich reytingda ikkinchi o‘rinni egallagan Noa ismidan qariyb ikki ming nafarga ko‘pdir. Muhammad va Noa so‘nggi uch yildan beri eng mashhur ismlar ro‘yxatining yuqori pog‘onalarini band etib kelmoqda.
Bu yilgi reytingda Leo va Luka ismlari ham yuqori natija qayd etib, uchinchi va to‘rtinchi o‘rinlarga ko‘tarildi. Ular avvalgi yillarda yuqori o‘rinlarda bo‘lgan Artur, Oliver va Jorj kabi ismlarni ortda qoldirdi.
Tahlillarga ko‘ra, Muhammad ismining boshqa yozilish shakllari ham mashhurlikni saqlab qolmoqda. Mohammed varianti eng ommabop ismlar ro‘yxatida 20-o‘rinni, Mohammad esa 55-o‘rinni egalladi. Bu ikki ko‘rinish ham qo‘shimcha ravishda minglab yangi tug‘ilgan chaqaloqlarga qo‘yilgan.
Qiz bolalar orasida esa Oliviya ismi ketma-ket yana eng mashhur nom sifatida qayd etildi. Keyingi o‘rinlardan Lili, Ameliya, Ayla va Florens joy olgan.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, Muhammad ismi 2016 yildan buyon mamlakatdagi eng mashhur o‘ntalikdan tushmagan. Ilk bor 1997 yilda eng ommabop 100 ta ism qatoriga kirgan mazkur ism yil sayin ommalashib bormoqda.
Britaniya Milliy statistika xizmati bu holatni mamlakatdagi musulmon aholisi sonining ortishi bilan ham bog‘lamoqda. Hozirgi kunda Buyuk Britaniyada qariyb 4 million nafar musulmon istiqomat qiladi va ular mamlakat aholisining taxminan 6 foizini tashkil etadi.
Ta’kidlanishicha, musulmon oilalar uchun Muhammad ismi nafaqat farzandga qo‘yiladigan nom, balki diniy va madaniy qadriyatlarni saqlab qolish ramzi sifatida ham muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, mamlakatda turli millat va madaniyatlarga xos ismlarga qiziqish ham yildan yilga ortib bormoqda.






























Izohlar 0
…