
23 aprel kuni Buyuk Britaniya poytaxti Londonda bo‘lib o‘tadigan xalqaro muzokaralarda AQSH delegatsiyasi Ukraina va Yevropa vakillariga Qrim yarimorolini rasman Rossiya hududi sifatida tan olish va front chizig‘ini muzlatish bo‘yicha o‘zining takliflarini bildiradi. Bu haqda The Washington Post gazetasi bir necha ishonchli manbasiga tayangan holda xabar tarqatdi.
Amerika Qo‘shma Shtatlari tinchlik sulhiga erishish uchun Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishga tayyorligi haqida oldinroq Bloomberg agentligi ham yozgan edi. Shuningdek, The Wall Street Journal nashrining ma’lum qilishicha, 17 aprel kuni Parijda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda AQSH tomonidan bu taklif Yevropa ittifoqchilari hamda Ukraina delegatsiyalariga yetkazilgan.
Londondagi uchrashuv oldidan tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, AQSHning taklifi Qrimni rasman Rossiya hududi sifatida tan olishni va kelajakda Moskvaga nisbatan kiritilgan sanksiyalarni bekor qilishni ham o‘z ichiga oladi. Buning evaziga esa Rossiya Ukraina hududidagi harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishi lozim.
Ukraina prezidenti maslahatchilaridan birining aytishicha, Amerika tomoni taqdim etgan bu rejada Kiyevning ham qabul qilishi mumkin bo‘lgan, ham qabul qilishi mumkin bo‘lmagan takliflar mavjud. G‘arbning yuqori mansabdor shaxslaridan biri esa bu masalada Vashington tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilayotgan bosimni «hayratlanarli darajada kuchli» deb baholamoqda.
The Washington Post gazetasining ta’kidlashicha, Ukraina ittifoqchilari mamlakatdan hududiy yon berishlarni talab qilish evaziga unga xavfsizlik kafolatlari va tiklanish bo‘yicha katta miqyosdagi iqtisodiy dasturlarni va’da qilmoqda.
Hozirda butun jahon hamjamiyatining ko‘zlari aynan Londondagi ushbu tarixiy uchrashuv natijalariga qaratilgan bo‘lib, uning yakuni nafaqat Ukraina yoki Rossiya uchun, balki butun Yevropa va global siyosatning kelajagi uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar