
Tambov garnizon harbiy sudi 58-armiyaning sobiq qo‘mondoni Ivan Popovni mansab soxtakorligi va firibgarlik bo‘yicha aybdor deb topib, uni besh yil muddatga umumiy tartibli koloniyaga qamashga hukm qildi. Shuningdek, Popov general-mayor harbiy unvonidan ham mahrum etildi.
Popov 2024 yilning may oyida qo‘lga olingan, iyul oyida esa advokatlarning talablari ortidan uy qamog‘iga o‘tkazilgandi. Biroq 2025 yil fevral oyida uni yana tergov izolatoriga qaytarishdi. Harbiy prokuratura uni ruxsatsiz Tambovdan Moskvaga ketganlikda aybladi.
Ayblovga ko‘ra, general Zaporijjya viloyatida mudofaa inshootlari qurilishi uchun mo‘ljallangan, qiymati 100 million rubldan oshadigan 1,7 ming tonna metall mahsulotlarini o‘g‘irlashda gumon qilingan.
Davlat ayblovchisi Popovni olti yillik qamoq jazosi, general-mayor unvonidan mahrum qilish va 800 ming rubl jarima to‘lash bilan jazolashni talab qilgan edi. Popov esa o‘z aybini tan olmadi va o‘zini noqonuniy ravishda ta’qib qilinayotganini aytdi.
Mart oyi oxirida Popov prezident Vladimir Putinga ochiq xat yo‘llab, o‘zini «maxsus harbiy amaliyot hududiga» qaytarishni iltimos qilgan edi. U o‘zini doimo «sodiq askar» deb hisoblashi va armiya uning hayoti ekanligini ta’kidlagan. Popovning advokati Sergey Buynovskiyning ma’lum qilishicha, Rossiya mudofaa vazirligi bu talabni qo‘llab-quvvatlagan va uni «Shtorm Z» otryadlaridan birining qo‘mondoni sifatida janglarga yuborish rejalashtirilgan.
So‘nggi nutqida Popov yana bir bor o‘zining aybsizligini ta’kidlab, «Vatanga xizmat qilish imkoniyatini berishni» so‘radi. U hayoti davomida xatolar qilgan bo‘lishi mumkinligini, ammo hech qachon qonun buzmaganini va qasamyodiga hamisha sodiq qolganini aytdi.
Popov 2023 yil yozida 58-armiya qo‘mondoni lavozimidan chetlatilgan. O‘shanda u Rossiya mudofaa vazirligi rahbariyatini tanqid qilgani uchun lavozimidan olinganini ta’kidlagan. Generalning hisoboti harbiy blogerlar orasida katta e’tibor qozongan va unda Popov o‘z qo‘l ostidagilarni «gladiatorlar», o‘zini esa Spartak deb atagan edi.
Popovga qarshi jinoiy ish Shoygu mudofaa vaziri lavozimidan ketganidan so‘ng boshlangan yuqori martabali harbiylarning hibsga olinishi doirasida ochilgan uchinchi ish bo‘ldi. Undan avval mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Timur Ivanov va Rossiya Mudofaa vazirligi kadrlar boshqarmasi boshlig‘i Yuriy Kuznetsov ham qo‘lga olingan edi. Keyinroq esa Rossiya Bosh shtabi sobiq boshlig‘i o‘rinbosari Vadim Shamarin qamoqqa olingan.
Birinchi bo‘lib Shamaringa hukm chiqarilgan bo‘lib, u mudofaa buyurtmasini bajarishda pora olgani uchun yetti yilga qamalgan edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar