date
views 210

Rossiyalik yuqori martabali generalning o‘ldirilishiga doir qo‘shimcha ma’lumotlar

Rossiyalik yuqori martabali generalning o‘ldirilishiga doir qo‘shimcha ma’lumotlar
25 aprel kuni Moskva yaqinida joylashgan Balashixa shahridagi ko‘p qavatli uy hovlisida sodir bo‘lgan portlash oqibatida Rossiya Qurolli kuchlari bosh shtabi bosh operativ boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, general-leytenant Yaroslav Moskalik halok bo‘ldi. Bu haqda Rossiya tergov qo‘mitasi va mahalliy manbalar xabar bermoqda.

Hodisa Aviatorlar mikrorayonida ro‘y bergan bo‘lib, bu hudud harbiy pensionerlar yashashi uchun qurilgan kvartal sifatida ma’lum. Portlash mahalliy vaqt bilan taxminan 10:40 da sodir bo‘lgan. Volkswagen Golf rusumli avtomobilda o‘rnatilgan portlovchi qurilma ishga tushirilgan va natijada bir kishi halok bo‘lgan. "Kommersant" nashri qurbonlar soni ikki nafar bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi, biroq boshqa manbalar bu ma’lumotni tasdiqlamagan.

Portlash kuchidan binolarning pastki qavatlaridagi derazalar singan, atrofdagi bir nechta avtomobil shikastlangan. Hodisadan keyin avtomobilda yong‘in chiqib, o‘t o‘chiruvchilar tomonidan zudlik bilan bartaraf qilingan.

Dastlab portlash gaz balloni sababli sodir bo‘lgani taxmin qilingan edi, ammo tez orada bu taxmin rad etildi. Mutaxassislar mashinadan qo‘lbola portlovchi qurilma qoldiqlari va shikastlovchi elementlarni topgan. Shu bois, tergovchilar portlash terrorchilik harakati bo‘lishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, portlagan avtomobil Moskalikning mulki bo‘lmagan. Generalning shaxsiy avtomobili Skoda Kodiaq ekani ma’lum qilingan. Volkswagen Golf'ning egasi esa yaqin orada bir necha marta o‘zgargan va oxirgi egasi Ukrainaning Sumi shahrida tug‘ilgan 40 yoshli Ignat K. bo‘lgan.

Huquqni muhofaza qilish organlari portlovchi qurilma masofadan turib, general Moskalik pod’ezddan chiqib kelayotgan vaqtda ishga tushirilgan deb hisoblamoqda. "Izvestiya" tarqatgan kadrlarda portlash aynan mashina yonidan odam o‘tib ketayotgan paytda sodir bo‘lganini ko‘rish mumkin.

General Yaroslav Moskalik haqida ma’lumotlar ko‘p emas. U 2015 yilda Ukraina sharqidagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha “normand formati”dagi muzokaralarda ishtirok etgan va 2018 yilda Rossiyaning "Stroytransgaz" kompaniyasining Suriyadan fosfat mahsulotlari yetkazib berish jarayonini nazorat qilishda qatnashgan. Shuningdek, u muntazam ravishda xalqaro konferensiyalarda nutq so‘zlagan, jumladan, Moskva xalqaro xavfsizlik anjumanida Suriya bilan bog‘liq mavzularda chiqishlar qilgan. Moskalikka 2021 yilda general-leytenant unvoni berilgan edi.

Rossiya tergov qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining odam o‘ldirish (105-modda) hamda portlovchi moddalar bilan qonunga xilof ravishda muomala qilish (222.1-modda) bo‘yicha jinoyat ishi ochgan va surishtiruv davom ettirilmoqda.

Rossiya ommaviy axborot vositalari Moskalikni Ukrainadagi keng ko‘lamli urush boshlanganidan buyon halok bo‘lgan uchinchi general-leytenant sifatida tilga olishmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyalik yuqori martabali generalning o‘ldirilishiga doir qo‘shimcha ma’lumotlar