date
views 126

Istanbuldagi zilzila: ko‘chalarda tunagan odamlar, qo‘rquv va bir qurbon...

Istanbuldagi zilzila: ko‘chalarda tunagan odamlar, qo‘rquv va bir qurbon...
Turkiya tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi (AFAD) ma’lumotiga ko‘ra, 23 aprel kuni mahalliy vaqt bilan soat 12:49 da Istanbulning g‘arbiy qismidan unchalik uzoq bo‘lmagan Marmar dengizi hududida kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Rasmiylarning xabar berishicha, magnitudasi 6,2 bo‘lgan ushbu zilzila natijasida yer silkinishi taxminan 13 soniya davom etgan. Shundan keyin 50 dan ortiq aftershok qayd etilgan.

Istanbulda istiqomat qiluvchi yurtdoshimiz Otabek Tillayev voqeaning guvohi sifatida vaziyat haqida o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 23 aprel Turkiyada milliy bayram sifatida nishonlanadi va odamlar dam olishda bo‘lgan. Bu esa zilzila paytida ko‘pchilikning uyda bo‘lmagani tufayli jiddiy talofatlardan saqlanib qolishiga sabab bo‘lgan.

«Juda kuchli yer silkinishi his qilindi. Odamlar darhol bino va uylardan tashqariga chiqib ketishdi. Birozdan keyin esa katta yoshdagi insonlar ham pastga tushib, xavfsiz joylarga yig‘ilishdi. Hukumat rasmiylari aholini aftershoklar bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi. Shu tufayli odamlar kun davomida uylariga kirishga qo‘rqib, ko‘chalarda qolishga qaror qilishdi. Hattoki, ko‘chalarda tungash uchun chodirlar ham tiklashdi», – deydi Otabek Tillayev.

Seysmologlar va mutaxassislar o‘rtasida vaziyatga munosabat turlicha. Ayrim ekspertlar bu zilzilani kutilgan holat deb hisoblasa, boshqalari hali asosiy yer silkinishlari oldinda ekanligini ta’kidlamoqda. Ular bo‘lajak zilzilalar magnitudasi 7-7,5 gacha yetishi mumkinligidan xavotir bildirishmoqda.

Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, zilzila paytida paydo bo‘lgan qo‘rquv sabab 150 dan ortiq kishi o‘zini yuqori qavatlardan pastga tashlagan. Ular hozirda shifoxonalarda davolanmoqda. Hozircha, Turkiya hukumati zilzila oqibatida bevosita halok bo‘lganlar haqida ma’lumot bermagan, lekin qo‘rquv sabab vafot etgan O‘zbekiston fuqarosi borligi ma’lum qilindi. Uning jasadi Istanbuldagi konsullik ko‘magida O‘zbekistonga jo‘natilgan.

Turkiya seysmik faol hududda joylashgani bois, aholi orasida favqulodda vaziyatlarga tayyorgarlik yuqori darajada tashkil qilingan. Otabek Tillayev odamlarning favqulodda vaziyatlarga yaxshi tayyorlanganligi, tartibli va qat’iy harakat qilganiga guvoh bo‘lganini aytadi.

«Odamlar zudlik bilan ochiq va xavfsiz hududlarga yig‘ilishdi. Ularning ko‘pchiligi zilzila uchun oldindan tayyorlab qo‘yilgan maxsus sumkalar bilan chiqishdi. Bu sumkalarda suv, dori-darmon va zarur oziq-ovqat mahsulotlari bo‘ladi. Biz ham ko‘chada qolishni rejalashtirdik, ammo kechasi soat 12:00 dan keyin yana yer silkinishi kuzatilgandan so‘ng masjidda qolishga qaror qildik», – deya taassurotlari bilan bo‘lishdi suhbatdoshimiz.

Ma’lumot uchun, Turkiya rasmiylari so‘nggi oylarda Istanbul aholisini kuchli zilzilalar ehtimolidan ogohlantirib kelayotgan edi. Shahar bo‘ylab maxsus sirena va ogohlantirish vositalari ham o‘rnatilgan.

Hozirgi kunda Istanbul aholisi xavfsizlik choralarini kuchaytirib, vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Istanbuldagi zilzila: ko‘chalarda tunagan odamlar, qo‘rquv va bir qurbon...