date
views 82

Donald Tramp: “Ukrainani men qutqaryapman, mensiz bu davlat tezda mag‘lub bo‘lar edi”

Donald Tramp: “Ukrainani men qutqaryapman, mensiz bu davlat tezda mag‘lub bo‘lar edi”
AQSH prezidenti Donald Tramp The Atlantic nashrining bosh muharriri Jeffri Goldbergga bergan intervyusida Ukrainadagi urush haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning ta’kidlashicha, Amerika tomonidan amalga oshirilayotgan yordamlar Ukraina davlatini “qutqarib qolmoqda”, chunki AQSH aralashmaganida bu mamlakat qisqa vaqt ichida Rossiya tomonidan mag‘lubiyatga uchrashi mumkin edi.

Intervyu vaqtida Goldberg Trampga nima uchun u Rossiyaning bosimi va tazyiqlariga uchragan boshqa davlatlarga nisbatan ancha pastroq darajada hamdardlik ko‘rsatayotgani haqida savol berdi. Tramp bu savolga javoban, avvalgi prezidentlik davrida Ukrainaga Javelin tankka qarshi tizimlarini yetkazib berganini eslab o‘tdi. Uning fikriga ko‘ra, bu qurollar bo‘lmaganida 2022 yilda Rossiya qo‘shinlari Kiyevga bemalol kirib borgan va urush tez fursatda yakuniga yetgan bo‘lardi.

«Men bu mamlakatni qutqaryapman, deb hisoblayman. Mening aralashuvimsiz Ukraina juda tez mag‘lubiyatga uchrar edi. Keling, haqiqatga tik qaraylik, u yerda katta harbiy kuch bor (Rossiya nazarda tutilmoqda). Shu sababli, men Ukrainaga jiddiy yordam ko‘rsatyapman, deb o‘ylayman», — dedi Tramp.

Jurnalist Goldberg AQSH prezidentiga Rossiya prezidenti Vladimir Putinning qanday harakatlari uni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy tomonida turishga majbur qilishi mumkinligi haqida savol berdi. Tramp esa javoban o‘zini aynan Zelenskiy tarafdori emas, balki Ukraina davlatining tarafdori deb hisoblashini aytib o‘tdi.

«Men Zelenskiy bilan ayrim tushunmovchiliklarga duch kelganman. U shu yerda, Oq uyda, aynan siz o‘tirgan kresloda o‘tirganda buni sezgansiz. Zelenskiy shunchaki sukut saqlashi kerak edi, tushunyapsizmi?», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Bundan tashqari, Tramp Ukrainadagi urush uchun yana bir bor o‘zidan oldingi AQSH prezidenti Jo Baydenni mas’ul qilib ko‘rsatdi. U shuningdek, jangovar harakatlarning tugashiga yaqin qolganini ta’kidladi: «Keling, ko‘ramiz, keyingi haftalarda nimalar sodir bo‘lishini. Biz so‘nggi bosqichga yetib keldik».

Ma’lum bo‘lishicha, AQSH fevral oyining o‘rtalarida Rossiya va Ukraina bilan alohida tarzda muzokaralar o‘tkazishga kirishgan. Biroq hozircha ushbu muloqotlar natijasida o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga erishilganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, AQSH taklif qilgan tinchlik rejasida Vashington tomonidan Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish taklif qilingan edi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy esa bu borada o‘zining qat’iy pozitsiyasini bildirdi va huquqiy jihatdan Qrimni Rossiya hududi sifatida hech qachon tan olmasligini aytdi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Donald Tramp: “Ukrainani men qutqaryapman, mensiz bu davlat tezda mag‘lub bo‘lar edi”