date
views 279

Hindistonda futbol o‘yini asalarilar hujumi tufayli vaqtincha to‘xtatildi (video)

Hindistonda futbol o‘yini asalarilar hujumi tufayli vaqtincha to‘xtatildi (video)
Hindistonda futbol bo‘yicha Superkubok musobaqasining chorak finalidan o‘rin olgan bahsda kutilmagan hodisa sodir bo‘ldi. «Inter Kashi» va «Mumbay Siti» jamoalari o‘rtasida kechgan uchrashuvning birinchi bo‘limida maydonga asalarilarning katta galasi hujum qildi. Bu haqda «Sports.ru» nashri xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, o‘yinning 28-daqiqasiga kelib, stadionning yuqori qismida asalarilar paydo bo‘lgan va o‘yin vaqtinchalik to‘xtatilgan. Asalarilarning maydondan uzoqlashishini kutib turgan futbolchilar va hakamlar tez orada o‘yinni qayta boshlashgan. Biroq, uchrashuv yana bir necha daqiqadan keyin to‘xtatilgan, chunki asalarilar yana maydonga qaytib kelib, hakamlar va muxlislarga hujum qilgan.

Vaziyat o‘ta keskin tus olganidan so‘ng, tribunadagi muxlislar zudlik bilan stadionni tark etgan, hakamlar esa o‘z xavfsizligini ta’minlash uchun ho‘l sochiqlarni bosh va ensalariga tashlab, maydonga yuztuban yotishga majbur bo‘lishgan. Mazkur g‘ayrioddiy holat sabab uchrashuv yana bir muddat to‘xtatib qo‘yilgan.

Hodisaga yechim sifatida hakamlar brigadasi o‘z libosini o‘zgartirishga qaror qilgan: sariq rangli libos o‘rniga, qora rangli libos kiyib, o‘yin qayta tiklangan. Mazkur chora asalarilarni chalg‘itish uchun samara bergan.

Yakunda qiziqarli holatga boy bo‘lgan mazkur bahsda «Mumbay Siti» jamoasi 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, Superkubokning yarim final bosqichiga yo‘l oldi. Ushbu o‘yindagi asalarilar hujumi, tabiiyki, jahon futbol ommaviy axborot vositalarida keng muhokama qilinmoqda va muxlislarning diqqatini jalb qildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hindistonda futbol o‘yini asalarilar hujumi tufayli vaqtincha to‘xtatildi (video)