date
views 354

AQSH Ukrainaga F-16 samolyotlarini yetkazib berishni tasdiqladi. Bu mintaqadagi vaziyatga ta’sir qiladimi?

AQSH Ukrainaga F-16 samolyotlarini yetkazib berishni tasdiqladi. Bu mintaqadagi vaziyatga ta’sir qiladimi?
Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamenti Ukrainaga F-16 rusumli qiruvchi samolyotlarni va ular bilan bog‘liq jihozlarni 310,5 million dollar (274,7 million yevro) evaziga sotishni ma’qulladi. Bu haqda AQSH Mudofaa vazirligining Mudofaa xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik agentligi 2 may kuni rasman xabar berdi.

Mazkur kelishuvga muvofiq, Ukraina havo kuchlari uchun qiruvchi samolyotlar zamonaviy talablarga moslashtiriladi va modernizatsiya qilinadi. Bundan tashqari, to‘plam doirasida ukrainalik mutaxassislar uchun texnik xizmat ko‘rsatish va foydalanish bo‘yicha maxsus treninglar ham tashkil etiladi. Ehtiyot qismlar, yerda texnik xizmat ko‘rsatish uchun zarur uskunalar, dasturiy ta’minot, texnik hujjatlar va boshqa logistik ta’minot elementlari ham bitimning muhim qismidir.

AQSH Mudofaa vazirligining ta’kidlashicha, taklif etilayotgan shartnoma Ukraina havo kuchlarining samarali tayyorgarligini ta’minlash va kelgusida paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan harbiy tahdidlarga qarshi tayyorligini oshirishga xizmat qiladi.

Loyihada AQSHning Valiant Integrated Services, Top Aces Corporation, Lockheed Martin Aeronautics, Pratt and Whitney, Snap-on Inc., BAE Systems Inc., AAR Corporation va Comsetra LLC kabi yetakchi harbiy va texnik kompaniyalari ishtirok etadi.

Amerika tomonining ma’lum qilishicha, mazkur harbiy bitim «mintaqadagi mavjud harbiy-siyosiy muvozanatga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi».

Bu qaror haqida AQSH Kongressiga ham xabar berilgan. Endi qonunchilar mazkur kelishuv bo‘yicha yakuniy qarorni qabul qiladi.

Sizningcha, ushbu samolyotlarning Ukrainaga sotilishi mintaqaviy vaziyatga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH Ukrainaga F-16 samolyotlarini yetkazib berishni tasdiqladi. Bu mintaqadagi vaziyatga ta’sir qiladimi?