
5 may kuni kechqurun AQSH hamda Isroil harbiy-havo kuchlari Yamanning poytaxti Sana va strategik ahamiyatga ega Xodeyda shahriga keng qamrovli aviazarbalar berdi. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, aviazarbalar Isroilning Ben-Gurion xalqaro aeroportiga husiylar tomonidan uyushtirilgan raketa hujumidan bir necha kun o‘tib amalga oshirilgan. Saudiya matbuot manbalarining xabar berishicha, Amerika harbiy-havo kuchlari Sana shahriga uch bosqichli hujum tashkil etgan. Shu bilan bir paytda, Xodeyda porti Isroilning 30 dan ortiq harbiy samolyoti tomonidan nishonga olingan.
AQSH va Isroil harbiy uchuvchilari hujum paytida asosan infratuzilma va energetika bilan bog‘liq obyektlarni nishonga olgani ta’kidlanmoqda. Umumiy hisobda, Yaman hududiga 50 ga yaqin bombalar tashlangan.
«Biz Xodeyda porti hamda qurol-yarog‘ ishlab chiqarish uchun foydalanilayotgan beton zavodlarini yo‘q qilishni maqsad qildik. Bu qo‘shma operatsiya kuchli ta’sirga ega bo‘ldi va bu hali oxirgisi emas. Biz vaziyatni jiddiy nazoratga oldik», — deya ma’lum qilgan Isroil manbasi.
Boshqa bir manbaning qayd etishicha, portga berilgan zarbalar jiddiy zarar yetkazgan bo‘lsa-da, obyekt butunlay ishdan chiqmagan. «Xodeyda porti jiddiy zarar ko‘rdi, ammo uni to‘liq vayron bo‘ldi deb bo‘lmaydi», — deb ta’kidlagan manba.
Husiylar hukumati qoshidagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Sanadegi zarbalar natijasida 16 kishi jarohatlangan. Xodeyda shahridagi jarohatlangan yoki halok bo‘lganlar soni haqida esa hali rasmiy ma’lumot berilmagan.
Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mudofaa vaziri Israel Kas harbiy hujumlarni Tel Avivda joylashgan harbiy shtabdan kuzatib borgan.
O‘z navbatida, husiylar harakatining siyosiy byurosi bu havo hujumlarini keskin qoraladi va Isroil bu zarbalarni harbiy maqsadlarga yetkazolmagani uchun iqtisodiy obyektlarga hujum uyushtirganini ta’kidladi. Shuningdek, ularning ma’lumotiga ko‘ra, sement zavodiga qilingan zarba natijasida ikki kishi halok bo‘lgan, 42 kishi esa jarohat olgan.
Harbiy tahlilchilar bu hodisani mintaqadagi vaziyatning yanada keskinlashuviga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Xalqaro jamoatchilik esa har ikki tomonni mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqirib qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar