date
views 32

Honda kompaniyasining daromadi keskin tushmoqda: sabab Trampning iqtisodiy siyosatimi?

Honda kompaniyasining daromadi keskin tushmoqda: sabab Trampning iqtisodiy siyosatimi?
Yaponiyaning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan Honda Motor kompaniyasi AQSH prezidenti Donald Trampning iqtisodiy siyosati bilan bog‘liq noaniqliklar sababli o‘zining joriy moliyaviy yilida foydasi 59 foizga tushishini bashorat qilmoqda. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Honda kompaniyasi 2026 yilning martida yakuniga yetadigan moliyaviy yilda taxminan 500 milliard iyena (3,38 milliard dollar atrofida) foyda ko‘radi. Bu ko‘rsatkich o‘tgan moliyaviy yilda erishilgan 1,21 trillion iyenaga nisbatan sezilarli darajada pastdir.

Kompaniya bu holatni AQSH tomonidan joriy qilingan tariflar va yangi iqtisodiy qoidalar tufayli yuzaga kelgan noaniq vaziyat bilan bog‘lamoqda. Xususan, Honda rahbariyati bu sharoitda Kanadada elektromobillarni ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha tarmoqni qurishga doir rejalarni kechiktirishga qaror qildi. Yangi elektrli transport vositalari ishlab chiqarish dasturi, taxminlarga ko‘ra, taxminan ikki yilga to‘xtatiladi.

Honda kompaniyasi rasmiylari fikricha, bu qaror kutilmagan iqtisodiy xatarlarni kamaytirish va global bozordagi mavqeni saqlab qolish maqsadida qabul qilinmoqda. Shuningdek, kompaniya bu bosqichda mavjud ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya qilish va global talabga moslashtirishga e’tibor qaratishini ma’lum qildi.

Ekspertlar ta’kidlashicha, Honda Motor kompaniyasining foydasidagi keskin pasayish nafaqat kompaniyaning o‘zi, balki butun avtomobil bozoriga ham ta’sir qilishi mumkin. Ayniqsa, elektr avtomobillar ishlab chiqarish sohasidagi raqobat avj olayotgan bir paytda bu kabi qarorlar kelajakdagi bozor taqsimotiga ta’sir o‘tkazadi.

Shu bilan birga, boshqa yirik avtomobil ishlab chiqaruvchilari ham AQSHning iqtisodiy siyosati bilan bog‘liq noaniqliklarga qarshi o‘z rejalarini qayta ko‘rib chiqmoqda. Bu, o‘z navbatida, jahon avtomobil sanoatida yangi muvozanatning shakllanishiga olib kelishi mumkin.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Honda kompaniyasining daromadi keskin tushmoqda: sabab Trampning iqtisodiy siyosatimi?