date
views 145

Argentinada kuchli suv toshqini: minglab odam evakuatsiya qilindi!

Argentinada kuchli suv toshqini: minglab odam evakuatsiya qilindi!
Argentinaning sharqiy qismida joylashgan Buenos-Ayres provinsiyasida kuchli yomg‘irlar sababli yuzaga kelgan suv toshqini uch kundan beri to‘xtamay davom etmoqda. Hudud rasmiylarining ma’lum qilishicha, 18 may, yakshanba kuni har kvadrat metrga 400 millimetrgacha yog‘ingarchilik yog‘gan. Bu esa o‘rtacha bir oylik me’yor bo‘lgan 45 millimetrdan qariyb o‘n baravar ko‘proqdir. Meteorologiya xizmatlari kuchli yog‘ingarchilik va bo‘ronli shamollar davom etishini bashorat qilmoqda, deb xabar berdi AFP agentligi.

Mahalliy hokimiyatning ma’lumotlariga ko‘ra, falokat zonasidan 7500 dan ortiq fuqaro evakuatsiya qilingan. Qutqaruv operatsiyalarida 300 nafarga yaqin o‘t o‘chiruvchi, politsiya va fuqarolik mudofaasi kuchlari ishtirok etmoqda. Odamlarni xavfsiz hududlarga olib chiqish uchun ular mavjud bo‘lgan barcha suv transportidan – rezina qayiqlar va hatto kayaklardan ham foydalanmoqda.

Ayniqsa o‘rta hajmdagi Kampana va Sarate shaharlari jiddiy jabr ko‘rgan. Shuningdek, Buenos-Ayres shahrining bir nechta chekka hududlari, asosiy avtomobil yo‘llari hamda keng miqyosdagi qishloq xo‘jaligi yerlari ham suv ostida qolgan. Kampana shahrida bir necha oila kechaning katta qismini suv bosgan uylarining tomlarida o‘tkazishga majbur bo‘ldi. 44 nafar yo‘lovchini olib ketayotgan avtobus esa mamlakat poytaxtini ichki hududlar bilan bog‘lovchi asosiy yo‘llardan birida 10 soatdan ortiq vaqt davomida harakatsiz qolgan, deya yozadi AP agentligi.

Buenos-Ayres provinsiyasi gubernatori Aksel Kisilof bu kabi tabiiy ofatlarning sababi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq ekanini ma’lum qildi va bu muammoni global miqyosda hal qilish zarurligiga e’tibor qaratdi.

Eslatib o‘tamiz, shu yil mart oyi boshlarida ham Buenos-Ayres provinsiyasining janubidagi Baiya-Blanka shahrida suv toshqini ro‘y bergan va u paytda 18 kishi halok bo‘lgan, 1400 dan ortiq aholi esa evakuatsiya qilingan edi. O‘sha ofatda ham bir sutka davomida 300 millimetrga yaqin yog‘ingarchilik qayd etilgan.

Zamin.uz tahririyati vaziyatni kuzatib borib, sizlarga eng so‘nggi yangiliklarni yetkazishda davom etadi. Tabiatning bunday ofatlariga qarshi qanday choralar ko‘rish mumkin deb o‘ylaysiz?

Foto: REUTERS/Matias Baglietto
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Argentinada kuchli suv toshqini: minglab odam evakuatsiya qilindi!
-->