date
views 147

SSSR hali ham “yuridik jihatdan mavjudmi?”: Kreml maslahatchisidan bahsli bayonot

SSSR hali ham “yuridik jihatdan mavjudmi?”: Kreml maslahatchisidan bahsli bayonot
Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan xalqaro yuridik forumda Rossiya prezidentining maslahatchisi Anton Kobyakov juda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ladigan fikr bildirdi. Unga ko‘ra, Sovet Ittifoqi “huquqiy nuqtayi nazardan hali ham tugatilmagan va formal ravishda mavjud” hisoblanadi. Bu haqda TASS va boshqa Rossiya OAVlari xabar tarqatdi.

“SSSRni tugatish jarayoni noto‘g‘ri amalga oshirilgan”

Anton Kobyakovning ta’kidlashicha, bu xulosalar nafaqat Rossiya, balki xalqaro huquqshunoslar tomonidan ham ko‘p yillardan beri ilgari suriladi. Sababi esa – 1922 yilda SSSR Xalq deputatlari s’ezdi orqali tashkil etilgan bo‘lsa, uni tarqatish ham aynan o‘sha darajadagi organ — SSSR s’ezdining qarori bilan amalga oshirilishi kerak edi. Ammo tarixda bunday qaror qabul qilinmagan.

U, shuningdek, 1991 yil 8 dekabrda imzolangan va SSSRning tarqalishini huquqiy jihatdan mustahkamlagan Belovej kelishuvining ham legitimligini shubha ostiga oldi. Unga ko‘ra, ushbu hujjatlarni RSFSR, Ukraina va Belarus SSRlari oliy kengashlari tasdiqlagan, ammo bunday vakolat ularda bo‘lmagan.

“Ukrainadagi urush – ichki jarayon” degan bahsli fikr

Kobyakov ushbu “huquqiy mantiqi” asosida Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlarini “ichki ish” sifatida baholadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi voqealarni to‘liq tushunish uchun SSSRning parchalanishiga berilgan huquqiy baho qayta ko‘rib chiqilishi kerak.

“SSSR fuqarolari” – radikal harakat va unga qarshi choralar

Bu g‘oya faqat Kremldagina emas, balki Rossiyadagi ayrim radikal guruhlarda ham jonli saqlanib kelmoqda. 2000-yillar boshida “SSSR fuqarolari” nomli harakat paydo bo‘lgandi. Ularning a’zolari o‘zlarini Sovet fuqarosi deb hisoblab, Rossiya davlat organlarini tan olmaslikka harakat qilishgan.

2022 yilda bu guruh Rossiya Adliya vazirligi tomonidan ekstremistik tashkilot sifatida e’tirof etildi va uning yetakchisi Sergey Taraskin 8 yilga qamaldi.

Putinning tarix haqidagi munosabati

Ma’lumki, Vladimir Putin ham ilgari bir necha bor SSSR tarqalishi haqida afsus izhor etgan. U bu voqeani “20-asrning eng yirik geosiyosiy fojiasi” deb atagan.

 Zamin.uz tahririyatidan:
Anton Kobyakovning bu bayonoti nafaqat huquqshunoslar, balki siyosatshunoslar va xalqaro hamjamiyat diqqatini ham o‘ziga tortdi. SSSRning “huquqiy mavjudligi” haqidagi iddaolar nimaning belgisi? Bu fikrlar Rossiya tashqi siyosatida yangi strategik yo‘nalishlarga asos bo‘ladimi?

Siz bu masalada qanday fikrdasiz? SSSR haqiqatan hali tugallanmaganmi?
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » SSSR hali ham “yuridik jihatdan mavjudmi?”: Kreml maslahatchisidan bahsli bayonot