
Kanadaning Manitoba provinsiyasida kuchli o‘rmon yong‘inlari keng hududlarni qamrab olib, mahalliy aholi hayotiga jiddiy tahdid solmoqda. Hozirgi vaqtda yong‘in o‘choqlari son jihatidan ham, qamrab olgan maydon jihatidan ham tarixiy rekord ko‘rsatkichlarga yetishga yaqinlashmoqda. Bu haqda CBC telekanali mahalliy rasmiylarga tayanib xabar tarqatdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, yil boshidan beri Manitobada jami 102 ta yirik va kichik yong‘in qayd etilgan bo‘lib, bu so‘nggi 20 yillik o‘rtacha ko‘rsatkichdan sezilarli darajada yuqori. Hozircha Manitobada faol yong‘in o‘choqlarining soni 22 tani tashkil etmoqda.
Ayniqsa, Manitoba va Saskachevan provinsiyalari chegarasidagi Flin-Flon shahri yaqinidagi yong‘in eng katta xavfni tug‘dirmoqda. Ushbu yong‘in 20 ming gektardan ortiq hududni qamrab olgan va mahalliy aholi uchun juda katta xavf yaratgan. Shahar ma’muriyati aholini yarim tunga qadar zudlik bilan uylarini tark etishga chaqirdi. Shu bilan birga, Kross-Leyk hududida ham vaziyat murakkab — yong‘in u yerdagi 1,5 ming gektarlik maydonni qamrab olgan va asosiy magistral yo‘lni to‘sib qo‘ygan.
Ushbu tabiiy ofatga qarshi kurashish maqsadida mahalliy hukumat butun Manitoba provinsiyasida favqulodda holat e’lon qildi va yong‘in xavfi yuqori bo‘lgan hududlardan 17 mingdan ortiq odam evakuatsiya qilingan. Bunday katta ko‘lamdagi evakuatsiya provinsiya tarixida juda kam kuzatilgan holatlardan biri sifatida qayd etildi. Masalan, oxirgi marta bu kabi ko‘lamli evakuatsiya 1997 yilda sodir bo‘lgan suv toshqinlari paytida amalga oshirilgandi.
Hozirgi vaqtda yong‘inga qarshi kurashish uchun Kanadaning boshqa hududlaridan ham kuchlar jalb qilingan. Alberta, Britaniya Kolumbiyasi, Shahzoda Eduard orollari va Nyu-Brunsvik kabi provinsiyalardan yong‘in o‘chiruvchilar, maxsus texnika va samolyotlar yordam uchun jo‘natilgan. Shunday bo‘lsa-da, shamolli va issiq ob-havo vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda va yong‘inning to‘liq nazoratga olinishi hali ham amalga oshirilgani yo‘q.
Manitoba hukumati favqulodda holatni dastlab 30 kun muddatga e’lon qilgan. Lekin vaziyat o‘zgarmasa, bu muddat yana uzaytirilishi mumkin. Aholi va qutqaruvchilar hozircha tabiiy ofatning bundan keyingi rivojini xavotir bilan kuzatmoqda. Bu kabi tabiat hodisasi nafaqat tabiatga, balki minglab insonlarning taqdiriga ham juda katta ta’sir ko‘rsatmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar