
Haj mavsumi boshlanishi munosabati bilan Saudiya Arabistonida keng ko‘lamli tekshiruv va tartib-intizomni ta’minlash amaliyotlari o‘tkazilmoqda. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi «Ruxsatsiz hajga yo‘l qo‘ymaslik» deb nomlangan kampaniya doirasida olib borilgan chora-tadbirlar natijasida 75 mingdan ortiq shaxs turli qoidabuzarliklar sababli qo‘lga olinganini e’lon qildi.
Jamoat xavfsizligi bosh direktori, general-leytenant Muhammad al-Bassamiyning ma’lum qilishicha, Makkaga haj qilish uchun maxsus ruxsatnomaga ega bo‘lmagan 269 ming nafardan ortiq shaxs chegaradan orqaga qaytarilgan. Shuningdek, qonun va tartib-qoidalarni mensimagan qariyb 76 ming shaxs qo‘lga olinib, ularga nisbatan qonuniy choralar ko‘rilmoqda. Ushbu shaxslarni deportatsiya qilish, jiddiy miqdorda jarima solish va kelgusi 10 yil mobaynida Saudiya hududiga kirishni taqiqlash kabi jazolar kutib turibdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, nazorat tadbirlari natijasida, fuqarolarga soxta xizmat taklif qiluvchi 252 ta firma, qonunlarni buzgan 1239 nafar transportchi va talablarga javob bermaydigan 110 mingga yaqin transport vositasi aniqlangan hamda ularning muqaddas shaharga kirishi qat’iy ravishda taqiqlangan.
Al-Bassamiy so‘zlariga ko‘ra, Haj davrida Makka va Madina shaharlarining xavfsizligini kafolatlash maqsadida yuqori darajadagi zamonaviy texnologiyalar ishga tushirilgan. Ular orasida uchuvchisiz apparatlar (dronlar), kuzatuv kameralari va sun’iy intellekt tizimlari bor. U xavfsizlikni buzish yoki ko‘rsatmalarga amal qilmaslik holatlari aniqlangan taqdirda, bunday holatlarga nisbatan shafqatsiz va qat’iy choralar ko‘rilishini eslatib o‘tdi.
O‘z navbatida, Pasport xizmatlari bosh direktori vazifasini bajaruvchi general-mayor Solih Al-Murabba, bu yil 1 iyun holatiga ko‘ra, qirollikka kelgan ziyoratchilar soni 1 mln 475 ming 230 nafarga yetganini ma’lum qildi.
Shu bilan birga, Islomiy ishlar, da’vat va hidoyat vazirligi hamda Haj va Umra ishlari vazirligi ziyoratchilarni yuqori havo harorati sharoitida ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi. Shuningdek, ziyoratchilarga belgilangan tartib-qoidalarga, tasdiqlangan ziyorat jadvallariga rioya qilish va muqaddas shaharlardagi harakat uchun rasmiy transport vositalaridan foydalanish zarurligi qayta-qayta ta’kidlandi.
Haj xizmatlarini ko‘rsatuvchi barcha kompaniyalarga ziyoratchilar xavfsizligi va qulayligini ta’minlash maqsadida berilgan ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilish topshirildi.
Hozirgi kunda Haj ziyoratining yuqori darajada o‘tishi va ziyoratchilarning xavfsizligi Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan asosiy ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Mamlakat ma’muriyati har qanday qoidabuzarlikka murosasiz munosabatda bo‘lishini qat’iy ravishda bildirmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar