
Berlinda bo‘lib o‘tgan muzokaralar davomida Germaniya va Isroil tashqi ishlar vazirlari G‘azodagi gumanitar vaziyat bo‘yicha jiddiy bahslashishdi. Germaniya tashqi ishlar vaziri Iogan Vadeful Isroilni G‘azo sektoridagi fuqarolarga yordam yetkazishni kechiktirayotganlikda ayblab chiqdi. Uning fikricha, aholi oziq-ovqat va dori-darmonsiz qolgan, yordam markazlariga yetib borish uchun uzoq yo‘l bosishga majbur bo‘layotgan insonlar orasida halok bo‘layotganlar ham bor.
«Men G‘azodagi odamlar qanday og‘ir ahvolda ekanini ko‘rib qattiq tashvishdaman. Ular yordam olish uchun yurakbozlik bilan yo‘lga chiqishmoqda, ammo ba’zilari qaytib ham kelmayapti», — dedi Vadeful.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar tashkilotlar G‘azo hududiga "darhol va cheklovlarsiz" kirish huquqiga ega bo‘lishi shart.
Bunga javoban Isroil tashqi ishlar vaziri Gideon Saar yordam yetkazish tizimi o‘zgartirilganini va bu qaror XAMASning uni suiiste’mol qilishiga qarshi qo‘yilgan chora ekanini ta’kidladi. Uning ta’kidlashicha, avvalgi tizim orqali kirgan yordam XAMAS uchun nafaqat pul manbaiga, balki ularning harbiy harakatlarini moliyalashtiruvchi vositaga aylanib qolgan.
«Terrorchilar gumanitar yordamni o‘g‘irlab, uni aholiga sotib kelishgan. Biz yangi — G‘azo gumanitar jamg‘armasi orqali oziq-ovqat tarqatish tizimini yo‘lga qo‘ydik. Bu tizim XAMASni chetlab o‘tadi va fuqarolarni to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan», — dedi Saar.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yetkazib berish qayta boshlangan ilk haftadayoq G‘azodagi fuqarolarga 7 million taom tarqatilgan. Saar, shuningdek, yangi tizim HAMASning xalq ustidan bo‘lgan nazoratini zaiflashtirishi va, ehtimol, urushning muddatini qisqartirishi mumkinligini aytdi.
«Biz nemis do‘stlarimizdan ushbu tashabbusga imkoniyat berishlarini so‘raymiz. Bu — falastinliklarni XAMASning g‘arazli ta’siridan xalos etish va urushga barham berishning haqiqiy imkoniyatidir», — deya ta’kidladi u.
5- iyun kuni Isroil armiyasi G‘azodagi ikki fuqaro o‘rtasidagi suhbat yozuvini e’lon qildi. Audioda ular HAMASning yordam tarqatilishini ataylab buzishga urinyotganini muhokama qilishadi:
«Ular odamlar yordam olishlarini istamaydi. Ular rejani yo‘qqa chiqarishga harakat qilishyapti, shunda oziq-ovqat ularga yetib keladi va ular uni o‘g‘irlashlari mumkin. Ular butunlay singan — aniq ma’noda».
Berlindagi tortishuv G‘azodagi murakkab vaziyatda turli yondashuvlarni ochiqcha namoyon etdi. Bir tomon yordam yetkazilishining samaradorligini talab qilsa, ikkinchi tomon xavfsizlik va suiiste’molning oldini olishni birinchi o‘ringa qo‘ymoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar