
So‘nggi yillarda Ukraina–Rossiya urushi fonida axborot sohasidagi tartiblar yanada kuchaydi. Xususan, Rossiya hududlarida Ukraina dronlari hujumlari oqibatlari aks etgan foto va videomateriallarni tarqatish borasida jiddiy cheklovlar joriy etildi. «Kommersant» nashrining yozishicha, 2024 yildan buyon 10 dan ziyod hududda bunday axborotlarni e’lon qilish ma’muriy javobgarlikka olib kelishi mumkin.
Qalinka va Tuladagi amaliyot: birinchi jarimalar va qonunbuzarlar
Kaluga va Tula viloyatlari bu qonunlarni amalda tatbiq etgan birinchi hududlar sifatida qayd etilmoqda. Kaluga viloyatida iyun oyi boshigacha 42 ta ma’muriy huquqbuzarlik protokoli rasmiylashtirilgan. Ularning asosiy qismi dron hujumlari oqibatlarini telefoniga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan mahalliy fuqarolarga nisbatan tuzilgan.
Shuningdek, «Kaluga oblastida ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risida»gi yangi qonun asosida jismoniy shaxslarga 3-4 ming rubl, mansabdor shaxslarga 30-40 ming, yuridik shaxslarga esa 80-100 ming rubl miqdorida jarima belgilangan. Takroran sodir etilgan holatlarda esa jarimalar yanada oshiriladi – fuqarolarga 5 ming rublgacha, kompaniyalarga esa 200 ming rublgacha.
Qiziqarlisi, bu cheklovlar ortidagi asl maqsad — hujumlar haqidagi tasvirlarni tarqatish orqali Ukraina razvedkasining aniq ma’lumotlarga ega bo‘lish ehtimolini yo‘qqa chiqarish. Shu bois, xatto ijtimoiy tarmoqlardagi izohlar ham ma’muriy ishga sabab bo‘lgan holatlar kuzatilgan.
Har bir rasm jinoiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin
Tula viloyatida ham shu kabi qonunbuzarlik qayd etildi. 2025 yilning yanvar oyida Aleksin shahriga qilingan dron hujumini videoga olgan va telegram-kanalida tarqatgan shaxsga 25 ming rubl miqdorida jarima tayinlandi.
Hozircha bu viloyatda yagona holat hisoblansa-da, bu boshqa hududlar uchun signal sifatida xizmat qilmoqda.
Joylardagi vaziyat: cheklovlar bor, lekin amalda tatbiq etilmagan
Qator boshqa regionlar — Adigey, Kursk, Volgograd, Kalmiqiya, Tver, Sankt-Peterburg, Vladimir va boshqalarda ham shunga o‘xshash cheklovlar joriy etilgan, ammo haligacha hech kim jazolanmagan. Rasmiylar buni ikki sabab bilan izohlashadi: birinchisi — aholi ehtiyotkor bo‘lib qolgan, ikkinchisi — hozircha qonun yangi tatbiq etilayotgani uchun jiddiy muammolar kelib chiqmagan.
Kursk viloyati misolida, aholi harbiy obyektlar joylashgan aniq manzillar aks etgan tasvirlarni joylashdan qo‘rqadi, chunki jazo muqarrarligini tushunib yetgan.
Federal darajada esa taqiq yo‘q... hozircha
Aytish joizki, Rossiya miqyosida umumfederal qonun hozircha qabul qilinmagan. Ammo 2023 yilning avgust oyida Moskvaga qilingan dron hujumidan keyin Qrim davlat kengashi tomonidan taklif qilingan qonun loyihasida faqatgina jarima emas, balki uch yilgacha ozodlikdan mahrum etish ham nazarda tutilgan edi. Ushbu loyiha Davlat dumasiga kiritilmadi. Buning sababi — Kreml axborot erkinligi bilan milliy xavfsizlik o‘rtasidagi muvozanatni saqlash kerak, deb hisoblagan.
Xulosa: axborot — yangi maydon
Rossiya–Ukraina urushi fonida axborot almashinuvi yanada nazorat ostiga olinyapti. Bitta foto yoki videoning ommaga chiqishi butun bir harbiy operatsiya natijasiga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan bu davrda, har bir kadr faqat jurnalistik emas, balki strategik ahamiyatga ham ega. Mamlakat ichidagi qonunchilik shunga mos ravishda shakllanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar