
Hindiston g‘arbidagi Gujarot shtatida sodir bo‘lgan Air India aviahalokati dunyo jamoatchiligi e’tiborida turibdi. Ilk xabarlarga ko‘ra, bu halokatda omon qolganlar yo‘qligi ma’lum qilingan edi. Ammo, mamlakat politsiyasi komissari G.S.Malikning bugun ANI nashriga bergan yangi bayonotiga ko‘ra, qutqaruvchilar bitta tirik qolgan yo‘lovchini topishga muvaffaq bo‘lishdi.
Omon qolgan yo‘lovchi — Britaniya fuqarosi Vishvash Kumar Ramesh bo‘lib, u halokat vaqtida samolyotning 11-o‘rindig‘ida bo‘lgani aniqlandi. Rasmiylar tomonidan e’lon qilingan ro‘yxatda ham, bortga chiqish talonida ham uning ismi va joyi aniq qayd etilgan. Ayni paytda Vishvash shifoxonada tibbiy ko‘rik va davolanish jarayonidan o‘tmoqda.
Vishvash jurnalistlarga bergan qisqa intervyusida halokat lahzalarini eslab shunday dedi: “Samolyot havoga ko‘tarilganidan 30 soniya o‘tib, baland ovoz eshitildi va keyin hodisa sodir bo‘ldi. Hammasi bir zumda yuz berdi”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Air India aviakompaniyasining Boeing 787-8 Dreamliner samolyoti bortida jami 242 kishi bo‘lgan. Ayni paytda qutqaruvchilar 204 nafar qurbonning jasadini topishgan. Eng qayg‘ulisi, halokat mahalliy shifokorlar va tibbiyot talabalari yashaydigan yotoqxonaga qulagani uchun, qurbonlar soni yanada ortishi mumkin. Rasmiylar “50 dan 60 gacha” jabrlanuvchilar shifoxonalarga yetkazilganini ma’lum qilishmoqda.
Ayni vaqtda halokat oqibatlari bilan bog‘liq qidiruv-qutqaruv ishlari to‘xtagani yo‘q. Qutqaruvchilar va tibbiy xizmatlar oqibatlarini bartaraf etishga tinimsiz harakat qilmoqda. Fojiadan so‘ng O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham Hindiston rahbariyati va xalqiga chuqur hamdardlik bildirdi.
Air India halokati nafaqat Gujarot, balki butun jahon hamjamiyati uchun og‘ir sinov bo‘ldi. Ammo ushbu qayg‘uli voqeada mo‘jiza bilan tirik qolgan yo‘lovchi — Vishvash Kumar Rameshning hayoti umid va sabr-matonat ramzi sifatida tilga olinmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar