
Yaqin Sharqda xavfli nizo avj olib borayotgan bir paytda, AQSH prezidenti Donald Tramp o‘zining tinch va sokin pozitsiyasi bilan jamoatchilik diqqatini tortmoqda. U Reuters agentligiga bergan telefon intervyusida Isroilning Eronga qarshi amalga oshirgan havo zarbalari ortidan mintaqaviy urush boshlanishi mumkinligi haqida hech qanday xavotiri yo‘qligini bildirdi.
Trampning ta’kidlashicha, u avval ham bir necha marta Eronni “haqorat, vayronkorlik va halokatdan qutqarishga” urinishini aytib kelgan. Uning fikricha, Eron rahbariyati hali ham AQSH bilan qandaydir kelishuvga erishish imkonini yo‘qotmagan, garchi ular hozircha muzokaralar stoliga o‘tirishni rad etayotgan bo‘lsa ham.
Isroilning hujumi – "ochiq sir"
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, Isroil tomonining Eron hududiga zarbalarni amalga oshirish rejasi Vashington rasmiylariga avvaldan ma’lum bo‘lgan. “Bu sir emasdi, hamma biladi,” dedi Tramp.
Shu bilan birga, AQSH hukumatining rasmiylari 15 iyun kuni Eron bilan navbatdagi yadroviy kelishuv muzokaralarini o‘tkazishni rejalashtirgan, biroq Trampning o‘zi bu uchrashuv amalga oshishiga shubha bilan qaraydi. Eronning o‘zi esa avvalroq AQSH bilan hech qanday muzokaralarda ishtirok etmasligini bildirgan edi.
“Menga qo‘ng‘iroq qilishdi – ularning aksari yo‘q”
NBC News'ga bergan alohida izohida Tramp ta’kidladiki, Isroil hujumlaridan so‘ng Eron vakillari uning o‘zini yadroviy kelishuv mavzusida gaplashish uchun izlagan. “Menga o‘tgan safar muzokara qilgan odamlar qo‘ng‘iroq qildi. Lekin ularning ko‘pchiligi bugungi kunda tirik emas,” deya keskin bayonot berdi AQSH prezidenti.
Fordo — navbatdagi nishon
Ma’lumki, Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi Eronning turli harbiy va yadroviy inshootlariga hujum uyushtirdi. Bu hujumlar chog‘ida nafaqat yuqori lavozimli harbiylar, balki tinch aholi vakillari ham halok bo‘lgan. Eron esa bunga yuzlab dronlar uchirish orqali javob berdi. Ammo ularning barchasi Isroil havo makoniga yetib borishidan avvaloq AQSH va Britaniya ko‘magida tutib qolindi.
Isroilning hujumlari to‘xtagani yo‘q — 13 iyun kuni ham Qum viloyatidagi Fordo uranni boyitish inshootiga zarba berildi. Bu obyekt tog‘lar ichida, taxminan 80 metr chuqurlikda joylashgan bo‘lib, Eron yadro dasturining eng himoyalangan nuqtalaridan biri hisoblanadi. Isroil tomoni mazkur inshootga shikast yetkazilganini iddao qilmoqda, ammo rasmiy tasdiq hali berilgani yo‘q.
Nima kutmoqda?
AQSH va Isroil o‘rtasidagi yaqin aloqalar va Trampning ochiq bayonotlari Yaqin Sharqdagi vaziyatning jiddiy va xatarli yo‘nalishga ega ekanini ko‘rsatmoqda. Eron esa bu tahdidlarga qanday javob qaytaradi — bu masalada hali ko‘p savollar ochiq qolmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar