
G‘azo sektorida falastinlik aholiga qarshi navbatdagi qonli hujumlar amalga oshirildi. Al Jazeera telekanali tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil harbiylarining 15 iyun kuni amalga oshirgan otishmalari va havo hujumlari natijasida kamida 23 falastinlik halok bo‘lgan. Ulardan 11 nafari G‘azo gumanitar jamg‘armasi (G‘GJ) tomonidan boshqariladigan yordam punktlarida oziq-ovqat olish paytida o‘ldirilgan.
Eng qattiq jinoyatlardan biri G‘azo markazidagi Al Avda shifoxonasi yaqinida sodir bo‘lgan. Shifokorlarning so‘zlariga ko‘ra, aholi G‘GJ obyektlari yaqinida yordam olish uchun to‘planganida, Isroil snayperlari va harbiylari tomonidan otishmalar boshlangan. Bu yerda kamida 3 kishi jon bergan, o‘nlab fuqarolar og‘ir tan jarohati olgan.
Rafah shahrining Mavosi hududidagi yordam punktida ham vaziyat izidan yurmoqda. Isroil tomonidan amalga oshirilgan yangi otishmalarda 2 falastinlik halok bo‘lib, 50 nafardan ortig‘i turli tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Qizil xoch shifoxonasida yaralanganlarga yordam ko‘rsatilmoqda.
Shuningdek, shu kunning o‘zida Isroil aviatsiyasi tomonidan uyushtirilgan bir necha bor havo zarbalari oqibatida G‘azo janubida kamida 12 kishi va shimoldagi Beyt Laxiya shahrida yana 7 fuqaro halok bo‘lgani ma’lum qilindi.
Al Jazeera manbalariga ko‘ra, G‘azo gumanitar jamg‘armasi tomonidan tashkil qilingan yordam tarqatish punktlari endi fuqarolar tomonidan “qatl maydonlari” sifatida baholanmoqda. Chunki bu hududlardagi odamlar qayta-qayta hujumlarga uchramoqda. Odamlarga oziq-ovqat tarqatilayotgan paytda, ular qurol ostida qolmoqda.
Shanba kuni kamida 79 falastinlik hayotdan ko‘z yumdi. Ulardan ko‘pchiligi og‘ir ahvoldagi, yordamga muhtoj fuqarolar edi. Bu haqda Al Avda va Al Aqso shifoxonalari shifokorlari ma’lum qilgan. Ular Isroil harbiylari tomonidan Netzarim koridori yaqinida yordam tarqatish joyiga yaqinlashishga uringan fuqarolar otib tashlanganini tasdiqlagan.
Janjalli vaziyatga qaramay, Isroil harbiylari tomonidan ushbu voqealarga hozircha rasmiy izoh berilmagan. Bu falastinliklar orasida nafrat va isyon ruhiyatini yanada oshirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, may oyi oxirida Isroil oziq-ovqat va dori-darmon kabi muhim mahsulotlar bo‘yicha qisman blokadani bekor qilganidan so‘ng G‘GJ o‘z faoliyatini tiklagan edi. Biroq gumanitar yordam tarqatish ham xavfsiz bo‘lmay qolgani falastinliklar uchun yangi fojealarga olib kelmoqda.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy ma’lumotiga ko‘ra, may oyidan beri gumanitar yordam tarqatish jarayonlarida kamida 274 falastinlik halok bo‘lgan va 2 mingdan ortig‘i turli darajada tan jarohati olgan.
Vaziyat G‘azoda insonparvarlik inqirozining yanada chuqurlashib borayotganini va harbiy harakatlar ortida sodir etilayotgan fojialarni butun dunyo jamoatchiligi diqqat markaziga chiqarishi zarurligini ko‘rsatadi.
Foto: Al Jazeera “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing