
Buyuk Britaniyada an’anaviy davlat mukofotlari va ritsarlik unvonlari egalari ro‘yxati e’lon qilindi. Qirol Charlz III ning rasmiy tug‘ilgan kuni munosabati bilan o‘tkazilgan ushbu muhim tadbirda mamlakatning turli sohalarida katta hissa qo‘shgan taniqli shaxslar taqdirlandi.
Bu yilgi sovrindorlar orasida ingliz futbolining afsonasi, “Manchester Yunayted” va Angliya terma jamoasining sobiq yulduzi Devid Bekhem alohida e’tirof etildi. 50 yoshli Bekhem faqat futboldagi buyuk yutuqlari uchun emas, balki jamiyatga ko‘rsatayotgan xayriya faoliyati uchun ham ushbu oliy unvonga sazovor bo‘ldi. Bekhemning o‘zi bu kabi yuksak sharaf haqida orzu ham qilmaganini aytib o‘tdi.

Mukofotlanuvchilar orasida Gollivudning mashhur va "Oskar" sohibi aktyori Gari Oldman ham bor. “Qora kunlar”, “Sid va Nensi”, “Josus, chiqib ket!” kabi mashhur filmlar yulduzi san’atdagi ulkan hissasi uchun ritsarlik unvoniga ega bo‘ldi. Shu bilan birga, “Garri Potter” seriyasidagi rol ham uning muxlislari safini yanada kengaytirgani shubhasiz.
Buyuk Britaniya musiqa olamining tirik afsonasi, “The Who” rok-gruppasi asoschisi va solisti Rojer Doltri ham ritsarlik unvoniga loyiq deb topildi. U nafaqat ijodi, balki yillar davomida o‘smirlar saratoniga qarshi kurashish jamg‘armasiga ko‘rsatgan yordami uchun ham katta e’tiborga sazovor bo‘ldi.
Buyuk Britaniya hukumati e’lon qilgan mukofotlar ro‘yxatida bu yil 1200 nafardan ortiq davlat arboblari, san’at va fan namoyandalari, ijtimoiy faollar va boshqa sohalar vakillari bor. Ular orasida 77 yoshli mashhur qo‘shiqchi va aktrisa Eleyn Peyj, yozuvchi Pat Barker, sobiq mudofaa vaziri Penni Mordont ham bor.
Bu yilgi mukofotning eng keksa laureati — 106 yoshli vinochilar klubi asoschisi Uilyam Irvin bo‘ldi. U jamiyat oldidagi xizmatlari uchun Britaniya imperiyasi ordeni medalini oldi. Eng yosh orden sohibasi esa tug‘ma mushak distrofiyasidan aziyat chekayotgan 11 yoshli Karmela Chillery-Uotson bo‘lib, nogironlar muammolari haqida jamoatchilikda xabardorlikni oshirish uchun yuksak e’tirofga loyiq topildi.
Ma’lumot uchun, Britaniya imperiyasi ordeni 1917 yilda qirol Jorj V tomonidan ta’sis etilgan bo‘lib, u besh darajaga ega. Faqat yuqori ikki daraja egalari erkaklar uchun “ser” yoki ayollar uchun “xonim” old qo‘shimchasini olish huquqiga ega bo‘ladi.
Britaniyaning ushbu an’anasi mamlakat tarixida hamisha muhim o‘rin tutadi va el-yurtga, fan, sport, san’at va jamoatchilikka katta hissa qo‘shganlar xizmatlarini munosib qadrlashda davom etmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar