date

Isroilning “Temir gumbaz”i nega Eron raketalarini tutib qola olmayapti?

Isroilning “Temir gumbaz”i nega Eron raketalarini tutib qola olmayapti?
So‘nggi haftalarda Yaqin Sharq mintaqasida, xususan, Isroil va Eron o‘rtasida yuzaga kelgan harbiy ziddiyat xalqaro jamoatchilik diqqat markaziga aylandi. Har ikki davlatning hujum va mudofaa imkoniyatlari sinovdan o‘tgan bu jarayonda, ayniqsa, Isroilning ko‘p yillardan buyon g‘urur bilan namoyon qilayotgan va “yengib bo‘lmas” deb ta’riflanadigan havo mudofaa tizimlarining chegaralari va imkoniyatlari jiddiy imtihonga duch keldi. Ayniqsa, Eron tomonidan uzoq masofali va gipertovushli raketalar bilan amalga oshirilgan so‘nggi hujumlar fonida bitta savol yanada dolzarb tus oldi: nega dunyoda mashhur bo‘lgan “Temir gumbaz” (Iron Dome) tizimi Eron raketalari oldida zaiflik ko‘rsatyapti?

Eronning raketa arsenali va uning imkoniyatlari

Ma’lumki, Eron o‘z raketa sanoatini so‘nggi o‘n yilliklarda jiddiy rivojlantirdi va bugungi kunda mamlakat qo‘lida o‘nlab turdagi turli masofaga uchish qobiliyatiga ega raketalar mavjud. Oxirgi hujumlarda esa Tehron Tel-Aviv va Haifa kabi Isroilning yirik shaharlariga maksimal tezlik va razillik bilan zarba bera oladigan gipertovushli va ballistik raketalardan foydalandi. Jumladan, “Imod”, “Qadr” va “Xaybar Shakan” kabi raketalar nafaqat uchish masofasi, balki aniqligi va zarba kuchining yuqoriligi bilan ajralib turadi.

“Imod” raketasi
Foto: IslamicWorldNews

2015 yilda Eron tomonidan ishlab chiqarilgan “Imod” ballistik raketasi 1 700 kmgacha parvoz qilib, 10 metrgacha aniqlikda nishonni ura oladi. Bu raketa yadroviy yoki boshqa turdagi og‘ir jangovar kallak bilan ta’minlanishi mumkin va uning burun qismi maxsus konusli shaklda tuzilgan bo‘lib, kallakning havoda portlashini ta’minlaydi. Bu esa kimyoviy yoki elektromagnit impuls kabi tahdidlarni ko‘proq samara bilan yetkazishga imkon beradi.

Shuningdek, “Qadr” raketalari 1 600–2 000 km masofagacha uchib, 650–1 000 kg og‘irlikdagi portlovchi modda olib yuradi. Bu turdagi raketalar bir necha xil versiyada ishlab chiqariladi va ularning har biri muayyan masofadagi nishonlarni aniq ura oladi. Masalan, “Qadr S”, “Qadr H” va “Qadr F” turlari turli uchish masofasi bilan ajralib turadi.

Eng zamonaviylaridan biri — “Xaybar Shakan” 2022 yilda taqdim etilgan bo‘lib, bu raketa qattiq yoqilg‘ida ishlaydi va 1 450 km masofagacha to‘g‘ridan to‘g‘ri zarba bera oladi. Uning aniqligi 30–40 metrni tashkil qiladi va o‘zi bilan 550 kg jangovar kallak olib uchishi mumkin. “Xaybar Shakan” raketasi o‘zini gipertovushli va trayektoriyani parvoz vaqtida bir necha bor o‘zgartira oladigan qurilma sifatida namoyon qildi.

Isroilning ko‘p qatlamli mudofaa tizimi

Isroil harbiy sanoati dunyodagi eng texnologik rivojlanganlardan biri hisoblanadi va bu mamlakat havo mudofaa tizimlariga katta mablag‘, zamonaviy ilmiy ishlanmalar va ko‘p yillik tajriba sarfladi. Isroilning mudofaa tizimi bir necha darajadan iborat bo‘lib, ular orasida Arrow (O‘q), David's Sling (Dovud palaxmoni) va Iron Dome (Temir gumbaz) tizimlari alohida ahamiyatga ega.

“Temir gumbaz”, “O‘q” va “Dovud palaxmoni”
— Arrow (O‘q) tizimi maxsus ravishda uzoq masofali, ballistik va gipertovushli raketalarga qarshi ishlab chiqilgan. Bu tizimdagi har bir raketa bir necha million dollar turadi va asosiy vazifasi dushman raketalarini atmosferadan tashqarida, ya’ni baland qatlamlarda urib tushirishdan iborat.

— David's Sling (Dovud palaxmoni) esa 40–300 km masofadagi taktik raketalar, dronlar, qanotli raketalar va hatto dushman samolyotlariga qarshi samarali ishlaydi. Bu tizim 2017 yildan buyon faoliyatda va uning maqsadi — o‘rta va uzoq masofadan uchirilgan raketalarni yo‘q qilish.

— Iron Dome (Temir gumbaz) esa qisqa masofali raketa va artilleriya snaryadlarini to‘xtatish uchun mo‘ljallangan bo‘lib, u 4 kmdan 70 kmgacha bo‘lgan hududda faoliyat yuritadi. Bu tizim Isroilga yaqin hududlardan otilgan raketa va snaryadlardan aholini va muhim obyektlarni himoya qilishda katta samara bergan.

Nega “Temir gumbaz” Eron raketalariga qarshi kurasha olmayapti?

Ayni paytda dunyo hamjamiyatini qiziqtirgan asosiy savol shundaki, nega “Temir gumbaz” kabi mashhur tizim gipertovushli va ballistik raketalarga qarshi samarasizlik ko‘rsatdi? Masalaning yechimi uning texnik xususiyatlarida. Iron Dome asosan qisqa masofaga otilgan snaryadlar va raketalarni tutish uchun ishlab chiqilgan. U ballistik yoki gipertovushli raketa kabi yuqori tezlik va uzoq masofaga ega qurollarga qarshi mo‘ljallanmagan.

“Temir gumbaz” ishlash jarayoni
Foto: thenightly.com

Bundan tashqari, Eron so‘nggi hujumlarda “glayder qurilma” deb ataluvchi moslama qo‘lladi — bu qurilma raketa uchirilgandan so‘ng trayektoriyani bir necha bor o‘zgartirish imkonini beradi va Isroilning mudofaa tizimlarini chalg‘itadi. Shu bois, Arrow va David's Sling kabi yuqori qatlam tizimlari ko‘plab raketalarni atmosferada urib tushira olgan bo‘lsa-da, ayrim raketalar baribir nishonga yetdi va qurbonlar ham bo‘ldi.

Mashhur harbiy tahlilchilardan biri Sergey Migdal ta’kidlashicha, Eron ballistik raketalari atmosferadan tashqariga chiqib, u yerdan kinetik energiya bilan yuqori tezlikda pastga tushadi va Iron Dome tizimi bunday qurollarni ushlay olmaydi. Faqat Arrow va Amerikada ishlab chiqilgan THAAD tizimlari bunday tahdidga qarshi tura oladi. Migdal fikricha, aynan ushbu tizimlar bo‘lmaganida Isroilning markaziy shaharlari yanada katta vayronaga aylanishi mumkin edi.

Isroil Mudofaa armiyasi matbuot kotibi Anna Ukolova ham bu mavzuga izoh berdi: “Mamlakatimiz havosi ko‘p qatlamli himoya tizimi bilan qoplangan, lekin hech bir sistema 100% kafolat bermaydi. Isroil harbiy sanoati Eron qurollariga qarshi doimiy ravishda yangilanib bormoqda, lekin zamonaviy tahdidlar oldida barcha himoya tizimlari birdek samarali bo‘la olmaydi.”

Hozirgi vaziyat va istiqbol

So‘nggi hujumlarda Isroilda 24 kishi halok bo‘lgani, 640 kishi turli jarohatlar olgani rasman qayd etildi. Eron tomoni esa o‘z raketa arsenalini yanada takomillashtirib, uchish masofasi 1 500 kmdan 2 000 kmgacha bo‘lgan turli tipdagi ballistik raketalarni ishlab chiqarishda davom etmoqda. Bular orasida “Fattah-2” kabi gipertovushli modellar ham bor va ularning tezligi, manyovr qilish qobiliyati Isroil mudofaa tizimlari uchun jiddiy sinov bo‘lib turibdi.

Bugungi kunda, Isroilning dunyoda eng ilg‘or deb hisoblangan havo mudofaa tizimlari zamonaviy ballistik va gipertovushli raketalarga qarshi turishda jiddiy texnik, moddiy va vaqt bosimiga uchrayapti. Ya’ni, har qanday tizim sinovda, zamonaviy tahdidlar esa kun sayin ko‘paymoqda. Shu sabab, kelajakda Isroil va boshqa davlatlar ushbu xavflar oldida yanada kuchliroq va intellektual mudofaa mexanizmlarini yaratishga majbur bo‘ladi.

Xulosa

Isroil va Eron o‘rtasidagi bu qarama-qarshilik nafaqat mintaqaviy xavfsizlik, balki global harbiy texnologiyalar rivoji uchun ham katta saboq va tahlil manbaidir. “Temir gumbaz” va boshqa tizimlar kelajakda yanada takomillashadi, lekin hozirgi zamonaviy raketalar va gipertovushli qurollar har qanday mudofaa mexanizmlari uchun jiddiy sinov bo‘lib qolmoqda.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilning “Temir gumbaz”i nega Eron raketalarini tutib qola olmayapti?