
Yaqin Sharqdagi keskinlashuv yana yangi bosqichga ko‘tarildi. 2025 yil 18 iyun kuni kechasi Eron birinchi marta strategik ahamiyatga ega bo‘lgan og‘ir va uzoq masofali “Sejjil” ballistik raketalarini ishga soldi. Bu haqda Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusiga (IIQK) tayanib Tasnim agentligi xabar tarqatdi.
Bu zarbalar “Haqiqiy va’da 3” deb nomlangan javob operatsiyasining navbatdagi — 12-to‘lqini doirasida amalga oshirildi. Unda asosiy nishon sifatida Isroilning razvedka markazlari, harbiy qiruvchi samolyotlar joylashgan bazalar va qator muhim infratuzilmalar tanlab olindi. Eron tomoni bu zarbalarni “aniq, tizimli va to‘xtovsiz” deb ta’riflamoqda.
IIQK ma’lumotlariga ko‘ra, avvalgi to‘lqinlarda Isroilning Iron Dome kabi havo mudofaa tizimlari qisman yo‘q qilingan. Endi esa Eronning dron va raketa harakatlari uchun “osmon ochiq” deb baholanmoqda. Bu holat, ekspertlar fikricha, mintaqadagi kuchlar muvozanatini jiddiy ravishda o‘zgartirishi mumkin.
IIQK bayonotida aytilishicha, “do‘zax eshiklari ochildi” va Isroil hududidagi aholi “yer osti boshpanalaridan tashqarida bir lahza ham qololmaydigan vaziyat”ga kelib qolgan. Ular aholini bosib olingan yerlarni tezda tark etishga chaqirib, “omon qolishning yagona yo‘li – qochish” deb bayon qildi.
Eron raketa hujumidan avval Isroildagi muhojirlarni ogohlantirib, shoshilinch tarzda hududni tark etishni tavsiya etdi. Bu kabi og‘ir bayonotlar va harakatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi qarshilikni yangi fazaga olib kirmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Eron tomonidan uchirilgan “Sejjil” raketasining havoda harakatlanishi aks etgan. Raketa havoda harakat qilayotganda o‘zi ortidan g‘ayrioddiy nurli iz qoldirgan. Bu kadrlar butun dunyo internet foydalanuvchilari orasida katta qiziqish uyg‘otdi.
“Sejjil” raketalari — ikki bosqichli, qattiq yonilg‘iga asoslangan va 2,000 km masofani bosib o‘ta oladigan zamonaviy ballistik qurollar hisoblanadi. Eronning harbiy salohiyatidagi eng tahdidli qurollardan biri bo‘lgan ushbu raketa avval ommaviy ravishda faqat paradlar va sinovlarda ko‘rilgan edi. Endi esa u birinchi bor haqiqiy harbiy amaliyotda qo‘llandi.
Isroil hukumati esa bu hujumlarga nisbatan o‘z reaksiyasini kechiktirmay bildirdi. Isroil mudofaa armiyasi 13 iyun kuni Eronning yadroviy infratuzilmasiga qarshi operatsiya boshlagani va uning asosiy maqsadi Tehronning atom dasturini butunlay yo‘q qilish ekanini ta’kidlagandi. Bu esa Eron tomonidan keskin javob qaytarilishiga sabab bo‘ldi.
Oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning bu raketali zarbalari oqibatida Isroilda kamida 24 kishi halok bo‘lgan, yuzlab fuqarolar tan jarohati olgan. Ayni paytda, Eron tomonida esa qurbonlar soni 270 nafardan oshib ketgani xabar qilinmoqda.
Bu voqealar Yaqin Sharqdagi yangi keng qamrovli harbiy to‘qnashuv xavfini yanada kuchaytirmoqda. Xalqaro ekspertlar va siyosiy tahlilchilar vaziyatni juda tahlikali deb baholamoqda va ikki tomonni maksimal darajada tiyilishga chaqirmoqda.
Biroq hozirgi sharoitda bu chaqiriqlar samara berishiga umid qilish juda qiyin. Chunki har ikki tomon ham o‘z pozitsiyasini mustahkamlash va raqibini jazolash maqsadida og‘ir qurollardan foydalanishdan tiyilmayapti.
Zamin.uz tahlilchilarining fikricha, Eronning “Sejjil” raketasini ishga solishi – faqat harbiy zarba emas, balki siyosiy va strategik signal hamdir. Bu tomonlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik endi so‘zlar emas, real qurollar vositasida hal etilayotgan bosqichga o‘tganini anglatadi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar