
Slovakiyada Ukrainaga ajratilgan yordam mablag‘larining noqonuniy ishlatilishi bo‘yicha yirik korrupsiya mojarosi bosh ko‘tardi. Reuters agentligining xabar berishicha, mamlakatda sakkiz nafar shaxs, jumladan, Mudofaa vazirligining to‘rt xodimi ushbu ish doirasida politsiya tomonidan qo‘lga olindi. Prokuratura va Yevropa Ittifoqi organlari tergov ishlarini olib bormoqda.
Mojaroga sabab bo‘lgan holat 2022 yildagi xarid bilan bog‘liq. Urush boshlangan paytda Konstrukta nomli davlat mudofaa kompaniyasidan Ukraina uchun 12 ming dona minomyot o‘q-dorisi sotib olingan. Tergovchilar ushbu o‘q-dorilar sun’iy ravishda oshirilgan narxda xarid qilinganini gumon qilmoqda. Prokuratura mablag‘larni o‘zlashtirish hajmi 7,4 million yevroga teng bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini bildirmoqda.
Ushbu ish doirasida politsiya Slovakiyaning sobiq mudofaa vaziri Yaroslav Nadni ham hibsga olishga urinib ko‘rdi, biroq u o‘sha paytda mamlakatda bo‘lmagan. Nad ayni vaqtda Kanadada ta’tilda ekani va oy oxirida Vatanga qaytishi kutilmoqda. U ijtimoiy tarmoqlardagi bayonotida bu ishni “teatr” va “siyosiy buyurtma” deb atadi.
«Men Ukrainaga yordam berganimdan faxrlanaman. Agar zarurat tug‘ilsa, yana ham shunday qilgan bo‘lardim. Bu faqat insoniylik va mas’uliyat masalasi edi. Biz Rossiya agressiyasi qurbonlarini himoya qildik. Ed Xeger hukumati esa o‘sha paytda to‘g‘ri qaror qabul qilgan», – deb ta’kidladi Nad.
Ma’lumot uchun, Yaroslav Nad 2020 yildan 2023 yilgacha Slovakiyaning mudofaa vaziri lavozimida ishlagan. Yangi hukumat – Robert Fitso boshchiligidagi ma’muriyat esa saylovdan so‘ng Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishni to‘xtatganini e’lon qilgan edi.
Ushbu voqea Slovakiya jamoatchiligida ham, xalqaro doirada ham qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Tergov natijalari mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashning haqiqiy ko‘lamini ko‘rsatib berishi mumkin. Shu bilan birga, bu ish Ukrainaga ko‘rsatilayotgan xalqaro yordamlar atrofidagi shaffoflik masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ydi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar