
G‘azab va kurash olovida yonayotgan Yaqin Sharq yana bir jiddiy keskinlik ostida. Isroil harbiylari Falastinning bir necha hududida keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazdi. Xususan, Arura va Abveyn shaharlari, shuningdek, Ramalloh yaqinidagi Nubani fermalarida yuzlab harbiylar ishtirokida reydlar amalga oshirildi.
Falastin Axborot markazi tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, operatsiya davomida Isroil qo‘shinlari turli binolarni egallab oldi, uy-joylarda tintuv o‘tkazdi va ko‘plab fuqarolarni hibsga oldi. Ayrim holatlarda uy egalari majburan ko‘chirilib, turmush makonlari vaqtinchalik harbiy bazaga aylantirildi.
Mahalliy faollar shaharlar kirishida blokpostlar o‘rnatilganini, transport harakati cheklanganini va harbiy kuchlar hozirgi kunda o‘ta yuqori darajada faol ekanini tasdiqladi.
Tahlilchilarning fikricha, ushbu harakatlar Isroil-Eron keskinlashuvi fonida amalga oshirilmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, Eronga qarshi "Isyonkor sher" nomli harbiy operatsiya boshlanganidan keyin, Isroil armiyasi Xevron, Jenin, Ramalloh va Kalkiliyadagi uylarni bosib olib, tinch aholini chiqarib yuborgan va u yerga o‘z askarlarini joylashtirgan.
Bunga javoban falastinlik faollar Isroilni fuqarolardan "tirik qalqon" sifatida foydalanishda ayblamoqda. Ularning ta’kidlashicha, bu xalqaro huquq qoidalariga zid hisoblanadi. Youth Against Settlements guruhining bayonotiga ko‘ra, “armiya xavfsizligi falastin bolalarining hayotidan ustun qo‘yilmoqda”.
Bu holat Isroilning HAMASga qarshi aytgan ayblovlari bilan ziddiyatli tarzda ko‘zga tashlanmoqda. Isroil rahbariyati ushbu harakatlarni xavfsizlikni ta’minlash deb baholasa-da, Falastindagi faollar va inson huquqlari tashkilotlari buni aholini qasddan xatarga qo‘yish deb baholamoqda.
Isroil va Eron o‘rtasidagi zarba almashinuvlar keyingi kunlarda tobora avj olmoqda. Ikki mamlakat ham bir-biriga qarshi amalga oshirilgan zarbalar natijasida halok bo‘lganlar va jabrlanganlar borligini ma’lum qilgan. Ushbu urush xatti-harakatlari nafaqat mintaqadagi tinch aholiga, balki butun Yaqin Sharq geosiyosiy barqarorligiga ham jiddiy tahdid solmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar