
Janubiy Isroilda joylashgan Beer-Sheva shahrida voqea ro‘y berdi — Eron tomonidan yo‘llangan ballistik raketa Microsoft kompaniyasi ofislaridan biri joylashgan binoga zarba berdi. Bu haqda Eron davlat axborot agentligi IRNA ma’lum qildi.
Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi (IIQK) vakillarining ta’kidlashicha, zarba oqibatida bino tubdan vayron bo‘lgan, undan so‘ng kuchli yong‘in kelib chiqqan. "Microsoft korporatsiyasi Beer-Shevaga otilgan atigi bitta raketa bilan yo‘q qilindi. Rejimga ko‘maklashishning oqibatlari bor!" – deyiladi rasmiy bayonotda.
Mazkur hujum 20 iyun tongida Eron tomonidan Isroilga yo‘llangan ballistik raketalar va kamikadze dronlardan biri sifatida amalga oshirilgan. Ulardan biri Beer-Shevadagi Gav-Yam Negev texnoparki hududiga tushgan. Shu yerda Isroil Mudofaa Kuchlari kiberboshqaruvi shtabi, razvedka markazi va Aloqa hamda axborot texnologiyalari korpusi joylashgan.
Isroil ommaviy axborot vositalari ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida 18 kishi tan jarohati olgan, bir nechta binolarga putur yetgan. Beer-Sheva shahri strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u yerda Nevatim harbiy aviabazasi ham joylashgan.
Ayni vaqtda Isroil ham javob zarbasini amalga oshirdi. 20 iyunga o‘tar kechasi Isroil harbiy-havo kuchlari Tehronga va uning atrofidagi bir qator hududlarga havodan hujum qildi. Zarbalar yadro tadqiqot markazlari, raketa va raketa dvigatellari ishlab chiqarish obyektlari hamda Eronning SPND ilmiy markaziga qaratilgan.
Mudofaa Kuchlarining ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu hujumda 60 dan ortiq harbiy samolyot qatnashib, 120 dan ziyod o‘q-dori tashlagan. Isroil o‘z bayonotida hujumlarning asosiy maqsadi Eronning harbiy-sanoat infratuzilmasini zaiflashtirish bo‘lganini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, Isroil 13 iyunga o‘tar kechasi "Isyonkor sher" nomli maxsus harbiy operatsiyani boshlagan edi. Shundan so‘ng ikki tomon o‘rtasidagi hujumlar bosqichma-bosqich avj oldi va hozirda keskinlik yuqori nuqtaga yetib kelgan. Har ikki davlat halok bo‘lganlar va jabrlanuvchilar borligini tan olgan.
Ehtimol, kelgusi kunlarda hujumlar yana davom etishi mumkin. Bu esa nafaqat mintaqaviy barqarorlik, balki global xavfsizlik uchun ham jiddiy xavf tug‘dirishi aniq. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar