date

Yadro xavfi Markaziy Osiyoga ham tahdid soladimi? Olim fikri

Yadro xavfi Markaziy Osiyoga ham tahdid soladimi? Olim fikri
Yaqin Sharqdagi geosiyosiy ziddiyatlar, xususan, Eron va Isroil o‘rtasidagi yadro obyektlariga qilingan hujumlar nafaqat mintaqaviy, balki global xavfsizlik uchun ham jiddiy tahdid solmoqda. Mazkur vaziyat fonida Markaziy Osiyo, xususan, O‘zbekiston aholisini qiynayotgan eng muhim savollardan biri: “Yadroviy halokat oqibatlari bizga ham ta’sir etadimi?”

Bu savolga iqlimshunos olim Erkin Abdulahatov javob berdi. Uning ta’kidlashicha, yadro obyektlariga berilgan zarbalar oqibatida radiatsiya xavfi haqiqatan mavjud. Ayniqsa, Eron hududidagi Fordo, Natanz va Isfahon yadroviy majmualariga raketalar yoki bombalar bilan zarba berilgan paytda, muayyan ob-havo sharoitida radioaktiv nurlanish oqimi bizning mintaqamizga, ya’ni O‘zbekistonga ham kirib kelishi mumkin.

Abdulahatov so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi ob-havo tuzilishi va atmosferadagi sinoptik jarayonlar bu xavfning jiddiyligiga ta’sir ko‘rsatadi. Uning aytishicha, O‘zbekistonga kirib keluvchi va rivojlanuvchi 15 xil sinoptik jarayonning 2-3 tasida radioaktiv nurlanish oqimlari Erondan bizning mamlakatimizga to‘siqsiz yetib kelishi ehtimoldan xoli emas. Bu jarayonlar asosan yoz oylarida – termik depressiya va past bosimli atmosfera sharoitida yuz beradi. Aynan 11- va 13-tur sinoptik jarayonlar Markaziy Osiyoda yozda hukmron bo‘lib, tashqi oqimlarni bemalol olib kirishi mumkin.

Iqlimshunos olimning ta’kidlashicha, bu ehtimollar nazariy bo‘lsa-da, hozircha sun’iy yo‘ldoshlar va zamonaviy atmosfera monitoringi ma’lumotlari Eron yadroviy obyektlari atrofida radiatsiya darajasining ortishi kuzatilmaganini ko‘rsatmoqda. Shu bilan birga, xalqaro yadro tashkilotlari – xususan, MAGATE rahbari Rafael Grossi ham yadroviy hujumlardan so‘ng Natanz va Isfahonda radiatsiyaviy yoki kimyoviy ifloslanish aniqlanmaganini, atrof muhitdagi radioaktivlik me’yorda ekanini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, ekspertlar geosiyosiy xavf tufayli doimiy monitoring zarurligini ta’kidlashmoqda. Zero, har qanday radiatsion chiqindi yoki portlash faqat bir mamlakat uchun emas, balki butun mintaqaviy ekotizim uchun katta muammolar keltirib chiqarishi mumkin.

Yakuniy xulosa sifatida: hozircha Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun yadro obyektlaridagi mojarolar sabab jiddiy radiatsiya xavfi kuzatilmayapti. Lekin ob-havo va sinoptik jarayonlarga bog‘liq holda bu xavf albatta inkor etilmasligi lozim. Vaqti-vaqti bilan mutaxassislar, iqlimshunoslar va xalqaro ekspertlar tomonidan aholi uchun to‘liq va aniq ma’lumot berish eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qoladi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yadro xavfi Markaziy Osiyoga ham tahdid soladimi? Olim fikri